Andijonda qiymati 42 mlrd so‘mlik asfaltobeton qilinadigan yo‘l qurilishi loyihasini tadbirkorga olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX).

Aniqlanishicha, Andijon tumanida yashovchi fuqaro Andijon shahrida istiqomat qiluvchi shaxs bilan kelishib, yo‘l qurilishi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor ishonchiga kirgan.

Ular yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, tadbirkorga Asaka tumanidagi “4R-112” avtomobil yo‘lining 4 km qismiga asfaltobeton qoplamasini yotqizish bo‘yicha loyihani olib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga loyiha uchun ajratiladigan 42 mlrd so‘mning 10 foizini (4,2 mlrd so‘m) berishni so‘ragan.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari shaxslardan birini so‘ralgan puldan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga oldi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.