Jizzax viloyatidagi 10 ta madaniy meros obyektida “turizm halqasi” yaratiladi. Bu haqda 9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Turizmni rivojlantirish uchun, jumladan, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida sayyohlar uchun sharoit yaratiladi. Uni ro‘yobga chiqarish maqsadida hukumat komissiyasi tuziladi. “Turizm halqasi” tashkil qilingan madaniy maskanlarga eltuvchi yo‘llar ta’mirlanadi.

Qayd etilishicha, xalqaro M-39 yo‘lining viloyat hududidan o‘tgan 98 kilometr qismidan kuniga 40 ming avtomobil qatnaydi. Bu yo‘lning chetida bo‘sh turgan 4 gektar yerlar tadbirkorlarga taklif qilinsa, 20 ming aholini doimiy band qilish mumkin, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

2024-yilning yanvar oyida O‘zbekistonning to‘qqizta hududi, jumladan, Jizzaxning Zomin tumanida yirik turizm markazi qurilishi haqida xabar berilgandi.