2024-yil 8-aprel kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida shahvoniy shilqimlikda ayblangan yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

Unga ko‘ra, 2024-yil 1-aprel kuni soat 14:10 larda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi metroning “Chilonzor” yo‘nalishidagi elektropoyezd vagoni ichida 2003-yilda tug‘ilgan fuqaro A.N, o‘ziga notanish bo‘lgan ayolning bel va tanasining boshqa qismlarini qo‘li bilan ushlagan. Jabrlanuvchi suddan huquqbuzar A.N.ga nisbatan og‘irroq jazo tayinlashni so‘radi.

Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar A.N. o‘zining yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatdagi aybiga iqrorligini, haqiqatdan ham ayolning belidan past qismini qo‘li bilan ushlaganini, hozirda qilmishidan pushaymonligini, bundan keyin bu kabi harakatlarni sodir etmasligini bildirib, suddan yengillik berishni so‘radi.

Sud tomonidan A.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan (Shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi va unga nisbatan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, huquqbuzar A.N.dan Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasi foydasiga oziq-ovqat uchun 255 000 so‘m miqdoridagi pullar undirilishi belgilandi.