Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Samara viloyatida 8-aprel kuni avtobus halokatga uchragani, oqibatda ikki nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lumotni tasdiqlab, holat yuzasidan hamdardlik bildirdi.

Hodisa Samara viloyatidagi Ural-Muxanovo trassasida sodir bo‘lgan. Chimkent-Nijniy Novgorod yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus yo‘ldan chiqib, ag‘darilib ketgan. Hodisa vaqtida avtobusda 66 yo‘lovchi bo‘lgan. 20 ga yaqin kishi jarohat olgan va tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.

Zarur yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga yetib borgan.

Elchixonaning ta’kidlashicha, vaziyat yuzasidan O‘zbekiston diplomatlari Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. “Vaziyat alohida nazorat ostida”.

Zarur hollarda qo‘shimcha ma’lumot uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilish mumkin:

  • O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi konsullik bo‘limining call-markazi: +7 499 238 36 20; +7 499 230 00 76
  • O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi: +7 843 526 55 63; elektron pochta manzili: kaz.uzconsulate@mfa.uz.