Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni Zarbdor tumanida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tumanlarda aholini barqaror ish va oylik bilan ta’minlaydigan o‘rta korxonalar kam. Viloyat sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq — avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish sanoatiga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi yer maydoniga to‘g‘ri kelmaydi va boshqa hududlarga nisbatan ikki baravar kam.

Davlat rahbari Jizzax viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni e’lon qildi.

jizzax viloyati, shavkat mirziyoyev

U qishloq xo‘jaligida katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, eksport uchun mahsulot yetishmasligini aytdi. Shu bois xomashyo xaridini oshirishning yangi tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Jumladan, tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor-eksportchilar biriktirilishi belgilandi. Banklar tomorqada 50 million so‘m daromad qiladigan moliyaviy paket ishlab chiqadi.

Banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi. Xonadonlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.

jizzax viloyati, shavkat mirziyoyev

Tumanlarda bittadan yaxlit kontur tanlab olinib, jami 500 gektar maydonda bir xil mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Hosildorligi 16 sentnerdan past bo‘lgan unumdorligi kam yerlar 50−100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1−5 gektardan lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.

Bular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2−3 barobar oshirishi kutilmoqda.

Prezident kasanachilikka asoslangan asalarichilikni rivojlantirish imkoniyatlarini ta’kidladi. Masalan, o‘rmon xo‘jaligi yerlariga asalari qutilarini joylash orqali mingta oilaning bandligini ta’minlash, 50 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish, 2 million dollar eksportga chiqarish mumkin. Shu bois Zomin tumanida asalarichilik markazi tashkil qilish, quti va jihozlar ishlab chiqarish, asalni qadoqlab, eksportga yuborish vazifalari belgilandi.

Davlat rahbari Yangiobod tumanidagi lalmi yerda oq piyoz yetishtirish, quritish, qadoqlash va muzlatgichli omborxonani qamrab olgan klaster tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Chorvachilik, baliqchilik va issiqxona xo‘jaligi uchun qulayliklar ham aytib o‘tildi.

jizzax viloyati, shavkat mirziyoyev

Janubiy Mirzacho‘l va Tuyatortar kanallarini betonlash, nasoslar o‘rnatish bo‘yicha uch yillik dastur qishloq xo‘jaligi imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida 4 milliard dollarlik 22 ta loyiha taklifini bildirgan. Ularning natijasida sanoat 12 trillion so‘mga o‘sadi, 250 million dollar eksport imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki tashkil etilib, 1 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida “Jizzax” sanoat zonasi filiali ochilib, 140 million dollarlik 15 ta yirik loyiha joylashtiriladi. Sharof Rashidov tumanidagi bo‘sh turgan inshootda sanoat zonasi tashkil qilinib, elektrotexnika va charm sanoati bo‘yicha korxonalar ishga tushiriladi.

Shavkat Mirziyoyev yaqin uch yilda 1 milliard dollarlik investitsiyalar hisobidan avtomobil ishlab chiqarish quvvatini yana 100 mingtaga oshirib, 10 ming ish o‘rni yaratish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Paxta va to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 220 million dollarlik 29 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

jizzax viloyati, shavkat mirziyoyev

Elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi “Mono elektrik” korxonasi kasanachilik asosida ko‘zi ojiz insonlarni ish bilan ta’minlash tashabbusi bilan chiqqan. Davlat rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu borada Jizzax tajribasini yo‘lga qo‘yish, shunday kasanachilik loyihalarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

10 ta madaniy meros obyekti uchun “turizm halqasi” tashkil etish, ularga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida turizm uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.

Yig‘ilishda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda viloyatda 4500 xonadonli 118 ta uy-joy qurish rejalashtirilgan.

Prezident Jizzax shahridagi talab yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha uy-joylar qurish, perinatal markaz va ko‘priklarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

sentabr oyidan Irjar — Do‘stlik — Jizzax yo‘nalishida teplovoz qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlaridagi 450 ming aholini transport bilan ta’minlaydi.

Umuman olganda, Jizzaxda mahallalar, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va grantlar berish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratiladi.