Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an 9-aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ramazon hayiti bilan bir-birini tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

“Davlat rahbarlari qardosh O‘zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi”, — deyiladi xabarda.

Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sherilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, ikki tomonlama o‘zaro “manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan” qayd etildi.

Prezidentlar yetakchi korxona va kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Prezidentlar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdi.

Shavkat Mirziyoyev nomiga boshqa xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan tabriknomalar kelishda davom etmoqda, deb yozdi prezident matbuot xizmati. Ro‘yxat bilan ushbu link orqali tanishish mumkin.