Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax shahrida qurilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Kibersport arenasi sobiq tennis korti binosi o‘rnida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy zali 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan. Shuningdek, bu yerda 12 ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.

Arena universal — boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni ham, “Besh tashabbus” tadbirlarini ham o‘tkazish mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu yerda kibersport, shaxmat, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatib, yoshlar bilan muloqot qildi.

“Bugun Jizzaxning ko‘p joylarida bo‘ldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik ko‘lami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq — yoshlarimizning harakati, niyati, o‘ziga ishonchi. Biz belgilab olgan strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz”, — dedi prezident.

Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so‘zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi.

Prezident har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni Rossiyaning Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining ochilish marosimida ishtirok etib, musobaqani 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgandi. “Hozir yoshlar kompyuterda, kibersport bilan shug‘ullanmoqda. Va agar ular ham kibersport, ham an’anaviy sport turlari bilan shug‘ullansa-chi? Biz bu orqali ularni biroz harakatga keltiramiz”, — degandi u Vladimir Putin bilan suhbatda.

Video