4-aprel kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida 2-sonli avtobus eshikka qisilib qolgan yo‘lovchini sudrab ketdi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda haydovchi 145-maktab yonidagi bekatda to‘xtab, yo‘lovchilarni tushirgani va harakatda davom etgani, biroq eshiklar yopilayotganida avtobusning orqa eshigidan tushayotgan yoshi katta yo‘lovchi qisilib qolganini ko‘rish mumkin.

Haydovchi esa buni payqamagan. Oqibatda avtobus erkakni qo‘li qisilgan holda 3−5 soniya sudrab ketgan.

“Harakatimni to‘xtatib, oldilariga borganimda uzrimni so‘radim. Vaziyatni tushuntirganimda, „Bolam, sen ketaver, mening o‘zimdan ham xato bo‘ldi“, deganlaridan keyin yo‘nalishimni yana davom ettirdim. Boshqa haydovchilardan ziyrakliklarini oshirishlarini so‘rab qolaman”, — dedi haydovchi.

Avtobus saroyi vakilining ma’lum qilishicha, 2-sonli avtobus haydovchisi Sh.Q.ning qilgan harakati uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.