Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Ramazon hayiti arafasida jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan 426 nafar shaxs afv etildi, ulardan 135 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 200 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 26 nafarining jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.

Shuningdek, 65 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Prezident afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha topshiriqlar berdi.