Qozog‘istonda suv toshqini mavsumi boshlanganidan beri 75 mingdan ortiq odam suv bosgan hududlardan olib chiqildi, 7 mingdan ortiq kishi vaqtinchalik joylashtirish markazlarida bo‘lib turibdi, deb yozdi Tengrinews.kz mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib.

“Favqulodda qutqaruv ishlariga 16375 kishi, 1600 dan ortiq texnika, 377 ta suv nasos uskunasi, 81 ta qayiq va 15 ta samolyot jalb etilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida. Qutqaruvchilar 7 million kub metrdan ortiq erigan suvni tortib olgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu toshqinlarni so‘nggi bir necha o‘n yilliklardagi eng yirigi deb atadi. “Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu so‘nggi 80 yil ichida yuz bergan ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha eng katta ofat”, — dedi u xalqqa murojaatida.

Rasmiylar mamlakatning 10 ta viloyatida: Abay, Aqmola, Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitovda favqulodda holat e’lon qildi. Tabiiy ofatga qarshi kurashish uchun FVV, IIV va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar kuchlari safarbar etilgan. Bosh vazir boshchiligida Respublika shtabi ham tuzilgan.

Toqayev joylardagi qutqaruv ishlari uning shaxsiy nazorati ostida ekanini aytdi va davlat qurbonlarga yetkazilgan moddiy yo‘qotishlarni qoplashiga va’da berdi. Buning uchun hukumat davlat moddiy zaxirasini chiqaradi.

“Vaziyat qiyin, ammo umidsizlikka tushmaslik kerak, biz bu vaziyatni tuzatamiz. Asosiysi — odamlar qurbon bo‘lishining oldini olish”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Bugungi kunda, FVV ma’lumotlariga ko‘ra, yetti viloyatda 3500 dan ortiq xususiy turar-joy binolari va 421 hovli hududi suv ostida qolmoqda.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tergov ishlarini boshlaganini va aholi punktlarini suv bosishi, yo‘llar, ko‘priklar va gidrotexnik inshootlarning vayron bo‘lishi sabablarini aniqlashga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, prokurorlar tomonidan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha rejalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi tekshirilmoqda.