Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov 300 dan ortiq avtobusning texnik holati yuzasidan O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Achilbay Ramatovga senator so‘rovini yubordi. Bu haqda Senat xabar qildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq “JV MAN Auto-Uzbekistan” MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “MAN A 22 CNG” rusumli avtobuslarga istisno tariqasida STG-3 rusumidagi gaz ballonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan.

Shuningdek, qarorda “O‘zavtosanoat” AJ qoshida zamonaviy yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish, keyinchalik ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.

“Hukumat qarorining ushbu talablari shu kunga qadar ijro etilmadi. Oqibatda STG-3 rusumidagi ballonlar bilan jihozlangan „JV MAN Auto-Uzbekistan“ MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan 300 dan ortiq avtobusda 2018-yildan beri texnik sinovdan o‘tkazilmagan holda yo‘lovchi tashilmoqda. Bu esa minglab, balki millionlab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizning turli hududlarida avtobus va boshqa transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan holatlar bunga yaqqol misoldir”, — deyiladi Senat xabarida.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-yanvardagi 28-son qaroriga muvofiq Xitoyda ishlab chiqarilgan STG-3 rusumli gaz ballonlari bilan jihozlangan avtobuslar istisno tariqasida xarid qilinishiga ruxsat berilgan va bugungi kunda mamlakat ko‘chalarida ushbu avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Avtobuslarda inson salomatligi va hayoti bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda yuqorida qayd etilgan avtobuslarga o‘rnatilgan STG-3 rusumli gaz ballonlarini ham texnik sinovdan o‘tkazish lozimligini inobatga olib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burxonov O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Achilbay Ramatovga senator so‘rovini yubordi.

Senator so‘rovida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 815-sonli qarorida belgilangan yuqori texnologiyali sinov laboratoriyasini tashkil etish va STG-3 (LNG-3) rusumidagi gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazifaning ijrosi nima uchun ta’minlanmagani hamda mazkur laboratoriyalarni tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan.

Qayd etilishicha, yuborilgan senator so‘rovining javobini Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida muhokama qilish rejalashtirilgan.