5-aprel kuni “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-153-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi quyidagi yangi tizim joriy etiladi:

  • 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) o‘rtasida o‘tkaziladi.

Bunda:

  • yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
  • zakalat puli BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida belgilanadi.

Talabgorlarga 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv — bir mahsulot” tamoyili asosida quyidagilar ijaraga beriladi:

  • sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari;
  • bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari;
  • dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari.

Talabgorlarga ajratiladigan yer maydonlari o‘lchamlari “mahalla yettiligi” taklifiga ko‘ra aniqlanadi.

Yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Talabgorlar tomonidan yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim bo‘yicha talabgorlarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

  • Prezident qarorida nazarda tutilgan shartlarda va mablag‘lar doirasida talabgorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha kredit ajratish. Bunda, qaror doirasida barcha turdagi kreditlarni “mahalla yettiligi”ning kafilligi asosida ajratishga ruxsat beriladi hamda ular kreditlarning natijadorligi uchun teng javobgar bo‘ladi.
  • talabgorlarga mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xaridiga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 million so‘mdan subsidiya, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan — 33 mln so‘mgacha kredit ajratish;
  • joylardagi 167 ta “Agromarkazlar” orqali xususiy sektorni jalb etgan holda urug‘, ko‘chat yetkazish, mineral o‘g‘it berish, mini-texnika va agronom xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi hamda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar biriktiriladi.

Avvalroq, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari endi onlayn auksion orqali 30 yil muddatga ijaraga berilishi haqida xabar berilgandi.