Toshkent shahri IIBB 2024-yilning dastlabki 3 oyida 1068 nafar ayol fohishalik bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

тошкент, fohishalik

“Ularning 92,8 foizi, ya’ni 992 nafari viloyatlardan kelib, mazkur turdagi huquqbuzarlikni sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. 209 kishiga nisbatan qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bog‘liq holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan”, — deyiladi IIBB xabarida.

Xususan, yaqinda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 14 nafar ayol fohishalik bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘lgan. Ular Telegram orqali alohida haq evaziga intim xizmatlarini taklif qilayotgani aniqlanib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Xabar qilinishicha, Mirobod tumani hokimiyatining binosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (Fohishalik bilan shug‘ullanish, u BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha — 1 mln 20 ming so‘mdan 2 mln 380 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi)ga asosan, Toshkent shahri hududida axloq-odob doirasida huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qizlarning ma’muriy javobgarlikka tortilishi masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan sayyor sud bo‘lib o‘tdi.

Unda poytaxt IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Mirobod tumani sud’yalari, tuman bosh imom xatibi va otinoyisi, tuman IIO FMB mas’ullari hamda Toshkent shahri OITSga qarshi kurashish markazi mas’ul xodimlari hamda profilaktik hisobga olingan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Huquqbuzarlik sodir etgan 6 nafar ayolga nisbatan MJtKning 190-moddasiga asosan ma’muriy qamoq jazosi, 8 nafariga esa jarima jazolari tayinlandi. “Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi IIBB.