Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov tashkilot rahbarlarini Open Budget uchun ovoz yig‘ishga majburlagani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Holatni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya o‘rganib chiqqan. O‘rganish natijasida tuman hokimining yoshlar va ijtimoiy rivojlantirish, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Open Budget dasturi doirasida tashkilot rahbarlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan tashabbusli budjet loyihasiga ovoz yig‘ishga targ‘ib qilgani va majburan jalb qilgani aniqlangan.

Bosh prokuratura hamda Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda unga nisbatan MJtKning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi (BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan jarima jazosi tayinlangan.

Milliy komissiya barcha mas’ullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga chaqirgan.

Komissiya, shuningdek, Konstitutsiyaga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga egaligini, shuningdek, mamlakatda majburiy mehnat taqiqlanganligi hamda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatgan.

Hokim o‘rinbosari bu topshiriqni hokim bergani, kechgacha belgilangan ovozni to‘plamagan rahbarlar ishdan olinishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, hokim o‘rinbosari bir necha tashkilotlar rahbarlarini kechgacha 50 tadan ovoz yig‘ishga majburlagan, ularni “noinsoflar” deb atagan va unga “bunday komanda kerak emas”ligini qo‘shimcha qilgandi.

Shundan so‘ng Istamovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.