Vazirlar Mahkamasining tegishli karori bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida qator tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Abdurauf Abdurashidovich Abduqayumov agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U 1979-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent davlat texnika universitetini (magistr) tamomlagan. Bungacha esa agentlikning direktoriga o‘rinbosar edi.

Shuningdek, Odiljon Zoxidjonovich Toxirov agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Avval u mazkur tashkilotning Muvofiqlikni baholash va sifat tizimlarini joriy etish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Azamat Abdulxakimovich Abduraxmanov esa tashkilotda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga kirishdi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida energetika vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Akmal Jumanazarov Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori etib tayinlangandi.

Ma’lumot uchun, agentlik xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan milliy muvofiqlikni baholash, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va boshqa vazifalarni bajaradi.