Taniqli bolalar shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri Raim Farhodiy vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Raim Farhodiy 1942-yil 16-may kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1955-yili Samarqand tibbiyot institutini, 1971-yili Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan.

Raim Farhodiy 1967-yildan buyon Yoshlar tashkiloti lektori, “Zvezda Vostoka” jurnali she’riyat bo‘limi mudiri, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti bosh muharrir o‘rinbosari, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slova” gazetalari madaniyat bo‘limi muharriri va boshqa nufuzli tashkilotlarda turli vazifalarda ishlagan. Ayni paytda u Yozuvchilar uyushmasi Rusiyzabon adabiyot kengashi raisi, “Buloqcha” (“Rodnichok”) bolalar jurnali bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Raim Farhodiy bolalar uchun 50 dan ortiq she’riy va nasriy kitoblar yozgan. O‘zbek bolalar she’riyatidan asarlarni, Navoiy, Bobur g‘azallarini rus tiliga tarjima qilgan.

Marhum 1989-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1999-yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.