Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 13-martdagi qarori va poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 3-apreldagi qarori bilan Toshkent shahri planetariysiga 1 mlrd 449 mln 800 ming so‘m ajratildi.

Mablag‘ maketlar sotib olish, joriy ta’mirlash hamda yong‘in xavfsizligi tizimini yo‘lga qo‘yish va kirish qismiga “Planetariy” so‘zini dekorativ tarzda o‘rnatish uchun sarflanishi rejalashtirilgan.

Kengash qarori prezidentning “2022−2026-yillarga mo‘llallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan qabul qilingani aytiladi. Hokim qarori ham mazkur farmonga asosan va shahar xalq deputatlari kengashining yuqoridagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

2023-yilda “Gazeta.uz” yosh avlodning astronomiya va kosmonavtikaga qiziqishini oshirishi mumkin bo‘lgan ushbu muassasadan reportaj tayyorlagan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida o‘sha vaqtda Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan Shavkat Umurzoqov va poytaxt xalq deputatlari kengashi tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasiga har oyda “Otalar choyxonasi”, “Uch avlod uchrashuvi” va “Buvijonlar maktabi” tadbirlarini o‘tkazish uchun jami 11,5 mlrd so‘m ajratilgandi.