AQSh prezidenti ma’muriyati NASA`ga Oy va boshqa samoviy jismlar uchun yagona vaqt standartini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb xabar bermoqda Reuters Oq uyning Fan va texnologiya siyosati boshqarmasi (OSTP) rahbarining eslatmasiga tayanib.

Eslatmada kosmik agentlik 2026-yil oxirigacha “Muvofiqlashtirilgan oy vaqti"ni (Coordinated Lunar Time, LTC) amalga oshirish rejasini ishlab chiqishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, Oydagi yagona vaqt standarti uning atrofidagi kosmik apparatlar va sun’iy yo‘ldoshlar uchun vaqt etaloniga aylanadi, ular uchun vazifalarni bajarishda o‘ta aniqlik muhim ahamiyatga ega.

Gazetada aytilishicha, Oydagi odam uchun Yer soatlari kuniga o‘rtacha 58,7 mikrosekund sekinlashadi, shuningdek, boshqa davriy o‘zgarishlarga ega. Oq uyning fikricha, yagona vaqt standartisiz kosmik kemalar o‘rtasida ma’lumotlar uzatish xavfsizligini ta’minlash, Yer hamda Oy sun’iy yo‘ldoshlari, bazalari va kosmonavtlar o‘rtasidagi aloqalarni sinxronlashtirishda qiyinchiliklar yuzaga keladi, deb yozadi agentlik.

Vaqtdagi tafovutlar Oyning o‘zi va uning orbitasida kartografiya va geolokatsiya bilan ishlashda ham xatolarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi OSTP.

LTC`ni amalga oshirish jarayoni Oyda va kosmosda xalqaro faoliyat bo‘yicha “Artemida” dasturida ishtirok etuvchi 36 mamlakat bilan muvofiqlashtirishni talab qiladi. NASA ushbu dastur doirasida yaqin yillarda Oyga astronavtlarni yuborish niyatida, shuningdek, Marsga bo‘lajak missiyalar uchun yo‘l ochishga yordam beradigan ilmiy oy bazasi ham yaratmoqchi.