Uzbekistan Airways Rossiyaga jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilarga o‘zlari bilan isiriq o‘simligini olmaslikni eslatdi.

Aviakompaniyaning yozishicha, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, harmala (isiriq) giyohvand moddalarni o‘z ichiga olgan va nazorat qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilgan.

Isiriqni mamlakatga olib kirish bilan bog‘liq barcha harakatlar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 229−1-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ushbu moddaning sanksiyasi bir million rublgacha jarima va 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sizdan ushbu turdagi o‘simlikni qo‘l yukingizda va bagajda olib o‘tmasligingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

2022-yil avgust oyida Rossiyaga isiriq olib kirishga uringan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. O‘shanda Novorossiysk bojxonachilari O‘zbekistondan kelgan konteynerdan Rossiyada giyohvandlik moddasi hisoblangan bir tonnadan ortiq isiriqni aniqlagan. Bu haqda bilmagan yuboruvchi umrbodga qamalishi va million rublgacha jarimaga tortilishi mumkinligi aytilgandi.

Bundan tashqari, 2023-yil mart oyida ham Moskvadagi Domodedovo aeroportida 3 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchi o‘zi bilan 44 kg isiriq olib kelgani aniqlangan.