Toshkent shahrida 2022-yilda poytaxtning bir nechta hududlarida terakt sodir etishga uringan 4 nafar o‘zbekistonlik qamaldi. Mazkur voqea tafsiloti bo‘yicha “O‘zbekiston” telekanalida lavha efirga uzatildi. “Gazeta.uz”, shuningdek, ayblanuvchilarga nisbatan 2022-yilning 25-avgustida o‘qilgan sud hukmi bilan tanishib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, organ xodimlariga o‘sha yili bir necha maktab o‘quvchilari qo‘lbola moslamalar yasab, terakt uyushtirmoqchi ekani haqida xabar kelib tushgan.

Yoshlar “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotining o‘zbekistonlik media mas’uli bilan tanishib, jihod qilish maqsadida Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi, shuningdek, aeroportda terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan. Buning uchun portlovchi moslama yasalgan. Moslamani yasashda Inha universiteti talabasi Izzatilla Zaynutdinov (2004-yilda tug‘ilgan) ham ishtirok etgani aytiladi.

Ammo lavha tarmoqlarda tarqalgach, oliygoh matbuot xizmati bu ma’lumotni rad etdi. Zaynutdinov 2021/2022 o‘quv yilida Inha universiteti birinchi kursiga qabul qilingan. Biroq ushbu talaba universitetda yaxshi o‘qimagani, fanlarni o‘zlashtira olmagani sababli o‘z xohishiga asosan 2022-yilning fevral oyida talabalar safidan chiqarilgan. Ushbu talaba birinchi kursning 1-semestrini ham yakunlay olmagan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda Zaynutdinov Inha talabasi bo‘lmagan”, — deya aniqlik kiritdi oliygoh.

Keltirilishicha, Abu Muaz taxallusidagi shaxs chet elda bo‘lishi davomida “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotining media mas’uli etib tayinlangan. U internet orqali O‘zbekiston fuqarolarini tashkilot safiga yollash va mamlakatda terrorchilik harakatlarini tashkillashtirishga uringan. Muaz internetda Abu Hafiz nomi bilan tanilgan Davronbek To‘laganbekov (1991-yilda tug‘ilgan) bilan tanishib, uni Toshkent shahridagi ishonchli odami deb tayinlagan.

дхх, ёшлaр, сuрия, terakt, terrorизм

“Google`ga kirib, namoz ma’lumotlarini o‘rganishni boshladim. Shu vaqtda Telegram orqali Abu Muaz bilan tanishdim. Undan keyin har xil ma’ruzalar eshitishni boshladim — Muhammad Kosoniy, Tohir Yo‘ldosh, Abduvali qori aka ma’ruzalarini eshitdim. Abu Muaz bilan kunora, oilamdan ko‘p vaqtimni shu bola bilan gaplashib o‘tkazganman. Afrikaga, Suriyaga hijrat qilish kerak derdim, undan videolar tashlashni so‘rardim”, — deydi To‘laganbekov.

Aniqlanishicha, yigit psixotrop moddalar iste’moliga ruju qo‘ygan. U yuqori tashkilotda ishlaydigan mas’ul rahbarning ishonchiga kirib, unga haydovchi bo‘lib yollangan.

“Orada Ziyovuddin Amanov bilan masjidda tanishib, unga ham Abduvali qori akalarni eshitish kerakligini aytdim. Qolganlar davlat tomonidan qo‘yiladigan odamlar. Uni Abu Muaz bilan tanishtirdim. 2021-yilda davlat ishiga kirdim. Haydovchi bo‘lib ishlab yurganimda miyamda jihod qilish fikri uyg‘ondi. Suriyaga bormasdan ham O‘zbekistonda jihod qilsa bo‘ladi, degan fikr keldi. Falastindagi Al-Aqso masjidini yaxudiylar olib qo‘ygani, o‘zimizda ham yaxudiylar yurishini, Xitoyda mo‘g‘ul-tatarlar qiynalayotgani to‘g‘risida ma’ruzalar eshitilardi. Shularni shu yerda ham qilsa bo‘lardi, degan maqsadda Ziyovuddinga shu haqda aytdim”, — dedi u.

Qayd etilishicha, bu orada Abu Muaz va Davronbek To‘laganbekov tarmoqlar orqali O‘zbekiston poytaxtida tarafdorlarini ko‘paytirish va ular yordamida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Isroil elchixonasini yoki aerportdan keladigan amerikalik bo‘ladimi, xitoylik bo‘ladimi shularni o‘ldirsa bo‘ladi, deb aytganman. Oradan vaqt o‘tdi, Ziyovuddin bilan ko‘rishdim va u portlovchi modda yasayotganini aytdi. Nima yordam qilish kerak deganimda, u „Sizdan yordam: o‘shalarni ishxonangizga qo‘yib chiqasiz“, deb aytdi. Bunga qarshi bo‘lmadim”, — deya qo‘shimcha qildi To‘laganbekov.

дхх, ёшлaр, сuрия, terakt, terrorизм

Lavhaga ko‘ra, Davronbek poytaxtda yashovchi 11-sinf o‘quvchisi Ziyovuddin Amanovni (tarmoqlardagi taxallusi Toshkandiy bo‘lgan, 2004 y.t.) topgan va unga ekstremistik g‘oyalarni singdirib, islom davlatini o‘rnatishga dav’at qilgan.

“Taxminan mart oylarida Islom davlati haqida gapirib qoldi. Abu Muaz degan bola bor ichkarida, deb aytishdi. U bilan tanishdik, salom-alik qildik. Qur’ondan, shariatdan gapirishni boshlagandi, ilmli odam ekan. Unga ergashishni boshladim. Muaz bilan tanishganimizdan keyin Xitoydagi uyg‘urlar masalasi ochildi, keyin Falastin mavzusi. Musulmonlar qiynalyapti. Shularni [Telegram] guruhlarga tarqatishni boshlashdi. Jihod haqida ham ma’ruzalar tashlashdi”, — deya izoh berdi Ziyovuddin Amanov.

“Abu Muaz bilan Telegram orqali gaplashib turardik. Shu bilan Davron boshqa ishga kirdi. Muaz jihod qilish kerak deb aytdi. Buni qarab ko‘rsam, negadir murakkab tuyildi. Fizika, texnikani yaxshi tushungani uchun og‘aynimdan shu narsani yasab bering deb so‘rab ko‘rdim. Pultini yasab bering degandim, ular ham qiziqish uchun yasab berdi. Davron uyiga chaqirib qolganda bordik. Abu Muazga telefon qildi. Muaz bilan 2 soat mobaynida o‘sha masalani gaplashib o‘tirishdi”, — deya qo‘shimcha qildi Amanov.

Ta’kidlanishicha, oradan ko‘p o‘tmay, Abu Muaz Davronbek va Ziyovuddinlarga Toshkent shahrida qo‘poruvchilik harakatini sodir etishi lozimligi, ushbu ishlari jihod o‘rnida o‘tishini bildirgan. Buning uchun ularga internet orqali qo‘lbola portlovchi modda yasash bo‘yicha qo‘llanma tashlab bergan. Shu asosda Ziyovuddin Amanov yaqini Abu Ahmad, ya’ni Hayitboy Ahmadjonovni (2004 y.t.) jalb qilgan. Unga targ‘ib materiallarini berib, o‘zlarining safiga chorlagan.

дхх, ёшлaр, сuрия, terakt, terrorизм

Bolaligidan kimyo-fizikaga qiziqqan Hayitboy ularga qo‘lbola portlovchi moddani yasab bergan. 17 yoshli Hayitboyning aytishicha, u Sodiq Samarqandiy va Abdulloh Zufarlarning ma’ruzalarini eshitib yurgan. Keltirilishicha, Hayitboy Ahmadjonov va Ziyovuddin Amanov bu orada Toshkent shahrida qo‘poruvchilik harakati uchun portlovchi moslamalarni yasovchi mutaxassis qidirib yurgan paytida ularga Izzatilla Zaynutdinov (yuqorida nomi keltirilgan talaba — tahr.) ishonch bildirgan.

дхх, ёшлaр, сuрия, terakt, terrorизм

“Men Inhada o‘qishim, IT sohasini yaxshi tushunishimni aytganman. Lekin Toshkandiy o‘zi haqida ma’lumot bermadi. 5 daqiqalik video asosida portlovchi modda yasab ko‘ring deyishdi”, — deydi sobiq talaba. Keltirilishicha, u portlovchi moddani yasashga muvaffaq bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, ular 2022-yilning bahorida poytaxtning bir nechta nuqtalarida terakt boshlab, keyin Turkiya orqali Suriyaga ketishni rejalashtirgan. Yana bir yo‘l sifatida Surxondaryo orqali Afg‘onistonga ketish ko‘rilgani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, 2022-yilning fevralida organ xodimlari mazkur jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ygan. Reydlarda Ziyovuddin Amanov, Hayitboy Ahmadjonov hamda Izzatillo Zayniddinovlarning uyidan qo‘lbola portlovchi moddalar va ularning komponentlari topilgan va ashyoviy dalil tariqasida olingan. Yigitlar qo‘lga tushgach, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

DXX tergovchisi Donyorbek Ro‘zmetovning aytishicha, “Islom davlati” xalqaro terror tashkiloti a’zosi Uralov Muhammad Muhiddin o‘g‘li Telegram`da terroristik guruh ochib, unga poytaxtda yashovchi Davronbek To‘laganbekov, Ziyovuddin Amanov, Hayitboy Ahmadjonov va Izatilla Zayniddinovni jalb qilgan. Uralov sheriklariga portlovchi modda yasashga topshiriq bergan.

“Yakunda portlovchi moddani ular yasagani, keyinchalik foydalanish rejalashtirilgani isbotlandi. Qurilma yordamida Toshkent shahrida sodir etilishi lozim bo‘lgan terroristik harakat oldi olindi. Jinoyat ishi bo‘yicha To‘laganbekov, Amanov, Zayniddinov, Ahmadjonovga tegishli moddalar bilan ayblov xulosasi tuzildi. Jinoyat ishi Bosh prokuraturaga yuborilgan”, — dedi DXX tergovchisi.

Sud hukmiga ko‘ra, Davronbek To‘laganbekov Jinoyat kodeksining:

  • 155-moddasi 1-qismi (Terrorizm);
  • 155 prim 2-moddaning 1-qismi (Tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va faktlarni xabar qilmaslik);
  • 159-modda 3-qismining “a”, “b” bandlari (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish);
  • 244 prim 1-moddaning 3-qismi “a”, “g” bandlari (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish);
  • 244 2-prim moddaning 2-qismi “b” bandida (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilgan.

U 15 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ziyovuddin Amanov 11 yilga, Hayitboy Ahmadjonov va Izzatilla Zaynutdinov esa bir xil — 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo muddati 2022-yil 25-fevraldan boshlangan.

Shuningdek, jinoiy guruh boshi bo‘lgan Abu Muaz 2023-yil chet elda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga keltirilgan. Unga JKning tegishli moddalari bilan uzoq muddatli jazo belgilangan. Mahkumning aynan qaysi moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortilgani noma’lum.