Shaxnoza Abduvaxitovna Sultanova Toshkent shahri hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu lavozimda ishlab kelgan Nodira Nigmatullayevna Umarova boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Shahnoza Sultanova 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. O‘tgan yillar davomida ushbu universitetda bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar u Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti ijrochi direktori lavozimida ishlagan.

Avvalroq Durdona Rahimova Toshkent shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. U 2020−2022-yillarda ham shu lavozimda ishlagan, keyin esa yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.