Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi ishga tushadi. Bu bo‘yicha 2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev avtomobil yo‘llari qurilishiga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Loyiha uchun Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) 240 mln dollar qarz mablag‘i yo‘naltiriladi. Qurilish hamda texnik nazorat ishlar to‘liq mahalliy pudratchilar, xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar tomonidan bajariladi. Yo‘llar foydalanishga qabul qilingandan so‘ng bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatatsiya qilinadi.

Loyiha doirasida respublikadagi 86 ta tumanda 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bu manzillarga 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalla kiradi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov.Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida har bir qurilgan 1 km yo‘lda kamida 2−10 qatorgacha 2 km daraxt ekilishi vazifasi berilganini aytdi. 5 yildan keyin yo‘llar atrofi ko‘kalamzorlashadi. Bu ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi, dedi u. Shuningdek, qo‘mita rahbari OTB bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatidagi ta’mirtalab magistral yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihasi haqida gapirib, uni prezident qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.

“Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan o‘tgan magistral yo‘limiz bugungi kunda juda ta’mirtalab ahvolda edi. Mana shu yo‘lni ham rekonstruksiya qilish taqdimoti prezident tomonlardan qo‘llab-quvvatlandi. Mana shu 60 km yo‘lda, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda kafolat beryapmizki, 120 km uzunlikdagi yo‘llarning 2 tomonini obodonlashtirib, yashil belbog‘lar barpo etamiz”, — dedi Jamshid Tursunov.