Ichki ishlar vazirligi internet orqali teraktlar haqida tarqatilayotgan chaqiriqlar munosabati bilan murojaat e’lon qildi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda turli mamlakatlarda sodir etilgan terrorchilik xurujlari fonida “internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va ko‘ngilochar markazlar, maktablar va boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda”.

“Bu kabi provokatsion xabarlar asosan Telegram messenjeri orqali yuborilib, unda noma’lum shaxslar turli miqdorda pul to‘lash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va harakatlar rejasini yuborishga va’da berib, ushbu harakatlarga rad javobini e’tiborga olmaydilar. Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari ko‘p hollarda bolalarga yuborilmoqda. Shuningdek bolalarning shaxsiy ma’lumotlari orqali ularni qo‘rqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar o‘zlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar”, — deyiladi murojaatda.

IIV bunday xabarlar kelganda vahimaga tushmaslikka, ularni ochiq chatlar, tanishlar va do‘stlarga yubormaslikka, zudlik bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar berishga chaqirdi. “Xabar yuboruvchilarni bloklang va ular bilan yozishma va suhbatga kirishmang”.

“Yodingizda tuting, firibgarlar jamoatchilik orasida vahima uyg‘otish uchun bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda! Respublika huquq-tartibot organlari esa xavfsizlikka bo‘lgan har qanday tahdidlarni bartaraf qilish borasida o‘z vakolatlari doirasida barcha choralarni ko‘rmoqda”, — deyiladi IIV axborotida.