Toshkent shahridagi masjidlarda o‘g‘rilik qilgan shaxs 6 yilga qamaldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, fuqaro I.O. “Abu-saxiy” savdo markazida joylashgan jome masjidi tahoratxonasida kiyim qo‘yish joyida turgan kurtkalardan birining cho‘ntagidagi 60 ming so‘m va Samsung A24 rusumli telefonini o‘g‘irlab ketgan.

Boshqa kuni esa Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidi tahoratxonasiga kirib, Samsung A23 telefonini olib qochib ketgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan fuqaro I.O. ga nisbatan sud ishi ko‘rib chiqildi. U sud majlisida e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorlik bildirdi va pulni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgani, telefonlarni esa har birini 500 ming so‘mdan sotib yuborganini ma’lum qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, erkakka 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Undan jabrlanuvchi Z.Yo. foydasiga 2 mln 783 ming so‘m, jabrlanuvchi Sh. S. foydasiga 1,5 mln so‘m undirish belgilandi.