27-mart kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani uchun ishdan olindi. Bu haqda bolalar ombudsmani axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, tarbiyalanuvchi qizning onasi guruh tarbiyachisi tomonidan voyaga yetmagan farzandiga qo‘pollik qilgani to‘g‘risida tuman MMTBga murojaat qilgan.

Murojaatda tarbiyachi kunduzgi mashg‘ulot vaqtida bola yig‘lagani uchun unga qo‘pol munosabatda bo‘lgani, qo‘l ko‘targani, oqibatda qizning qo‘lida ko‘karishlar borligi bildirilgan.

Holat o‘rganilganda tarbiyachi haqiqatan ham bolaga nisbatan nihoyatda qo‘pol, pedagog uchun xos bo‘lmagan munosabatda bo‘lgani aniqlandi, deyiladi bo‘lim xabarida.

29-mart kuni tarbiyachiga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.