Ko‘pincha turli iste’mol mahsulotlarida qo‘llanuvchi yonishdan saqlaydigan antipiren moddalari saraton kasalligidan o‘lim xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin, deb yozdi CNN JAMA Network Open jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib.

Gap polibromlangan difenil efirlar (PBDE) haqida bormoqda — bu antipiren, ya’ni oziq-ovqatning yonish ehtimolini kamaytiradigan vositalar sifatida ishlatiladigan kimyoviy birikmalardir. Ular divan va kreslo kabi barcha turdagi yumshoq mahsulotlarga qo‘shiladi. Ular, shuningdek, gilamchalarda, ayrim o‘yinchoq va astarli bolalar buyumlarida ham uchraydi. Elektronika va oshxona jihozlari ham PBDE bilan qoplanishi mumkin.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, qonida PBDE yuqori bo‘lgan odamlarning saraton kasalligidan o‘lish xavfi bu ko‘rsatkich past bo‘lgan odamlarga qaraganda taxminan 300 foizga oshadi.

Buni aniqlash uchun AQSh va Xitoy olimlari guruhi 2003−2004-yillar davomida 1100 kishidagi qonning kimyoviy tarkibini tahlil qilgan. Ular National Health and Nutrition Examination Survey (NHANES) Amerika milliy dasturi ma’lumotlaridan foydalangan. U mamlakat aholisining sog‘lig‘i va ovqatlanishining o‘rtacha statistik bahosi bo‘lib xizmat qiladi va fiziologik tadqiqotlar va so‘rovlarni o‘z ichiga oladi. So‘ngra tadqiqotchilar PBDE darajasini ishtirokchilarning 2019-yil yakunigacha bo‘lgan o‘lim statistikasi bilan taqqoslagan.

Nyu-York universitetining Langon tibbiyot markazi pediatriya va sog‘liqni saqlash professori Leonardo Trasande: “Yangi tadqiqot antipirenlar va saraton o‘limi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqiqiy ekanini isbotlaydi”, — dedi. U plastmassalar, antipirenlar va boshqa kimyoviy moddalarning bolalarga ta’sirini o‘rganadi.

“Bu kimyoviy moddalar uzoq yarim yemirilish davriga ega, shuning uchun inson tanasida yillar davomida saqlanib qoladi, ularni bir kechada atrof-muhitdan olib tashlay olmasligimiz sababli bu ta’sirlar davom etaveradi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

CNN`ning ta’kidlashicha, PBDE inson organizmidagi gormonlarga ta’sir qilgani uchun “endokrin buzuvchi” deb nomlanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, PBDElar qondagi shakarning yomon metabolizmi, semizlik, qalqonsimon bez kasalliklari, ayrim saraton kasalliklari, reproduktiv muammolar va neyrorivojlanish kasalliklari bilan bog‘liq.