27-mart kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etgan ayol yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz"ga.

Eslatib o‘tamiz, tumanning Dalvarzin mahallasida yashagan 28 yoshli N.X. eri bilan navbatdagi janjal vaqtida o‘zini ko‘p qavatli uydan tashlab, joniga suiqasd qilgan. Qo‘shnilar u pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirganini eshitgan.

Ayolga uch marta, so‘nggi bor 6-mart kuni himoya orderi berilgan. Unda keltirilishicha, tazyiq o‘tkazilgan yoki zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda er va ayolning bir xonadonda bo‘lishi taqiqlangan.

Holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “a” bandi (Voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.