1-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yil uchun Ochiqlik indeksi natijalarini e’lon qildi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Ikkinchi bor e’lon qilinayotgan Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilgan. Unda samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar — “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar — “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar — “qizil” toifalarga kiritilgan

2023-yili 103 ta (2022-yilda — 86) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati baholangan. Yakuniy natijalar index.anticorruption.uz platformasida e’lon qilingan (baholash mezonlari bilan u yerda ham tanishish mumkin).

Baholash natijalariga ko‘ra, 31 ta davlat organi “yashil” (71−100 ball), 43 tasi “sariq” (55−71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

Ochiqlik indeksi bo‘yicha prezident huzuridagi Statistika agentligi eng yuqori ballga (88,3 ball) ega bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” (86,8 ball), Markaziy bank (86,4), Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (86,2 ball) hamda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” (84,7 ball) egalladi.

Indeks bo‘yicha eng past ballni Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiya agentligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va “O‘zmaxsusmontajqurilish” kompaniyasi to‘pladi.

Vazirliklar orasida indeksni Raqamli texnologiyalar, Tog‘-kon sanoati va geologiya hamda Suv xo‘jaligi vazirliklari boshqarmoqda. Yuqori o‘rindagi qo‘mitalar orasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, Soliq va Bojxona qo‘mitalari bor. Yaxshi natija ko‘rsatgan hokimliklar orasida Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari (Toshkent shahar hokimligi yettinchi o‘rinda) turibdi. Eng ochiq agentliklar sifatida Statistika, Innovatsion rivojlanish va “O‘zarxiv” agentliklari, eng ochiq aksiyadorlik jamiyatlari esa OKMK, NKMK va Xalq bank bo‘ldi.

Eng yopiq vazirliklar sifatida Tashqi ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Sport vazirliklari, qo‘mitalar va inspeksiyalar bo‘yicha Transport nazorati, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyalari ko‘rildi. Hokimliklar orasida eng yopiqlari Surxondaryo va Andijon viloyatlari hokimliklari, agentlikлар orasida Maktabgacha ta’lim, Madaniy meros va Kinematografiya, AJlar orasida “O‘zbektelekom”, “Poytaxt bank” va “O‘zmaxsusmontajqurilish” bo‘ldi.

Tahlillar ko‘rsatishicha, faoliyat samaradorligi “yashil” toifadagi davlat idoralari soni o‘tgan yilga nisbatan 16 taga (13 foizga) ortgan. E’tiborlisi, 2022-yil yakuni bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan qator davlat idoralarida keskin ijobiy o‘sish kuzatilgan. “O‘zsuvta’minot” — 81 ball (2022-yilda — 47 ball), “Turonbank” — 78 ball (2022-yilda 53 ball), “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” — 77 ball (2022-yilda 48 ball), “Hududgazta’minot” — 75 ball (2022-yilda 52 ball) bilan bunga misol bo‘la oladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Ochiqlik indeksini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, baholash jarayonlarining raqamlashtirilishi xususida to‘xtalib o‘tdi:

  • 2023-yilda ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirilgan;
  • davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishi natijasida agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 138 ta holatda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlari bartaraf etilib, 110 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bekor qilingan;
  • bugungi kunda 123 ta davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi 615 dan ortiq aloqa kanallari (qisqa raqamli “ishonch telefoni”, elektron pochta va boshqa elektron manzillar, Telegram bot, platforma yoki boshqa maxsus dasturiy ta’minot) ochiq e’lon qilingan;
  • faoliyati ochiqligi o‘rganilgan 103 ta davlat idorasining 75 foizi 2023-yilda o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni ochiq e’lon qilib, jamoatchilik ishtirokida muhokama qilgan.

Baholash natijalariga ko‘ra agentlik quyidagilarni rejalashtirmoqda:

  • “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi;
  • “sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘maklashiladi;
  • “qizil” toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasi rayosati va Oliy Majlis Senati majlislarida ushbu toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitiladi.