2-aprel kuni Istanbuldagi 16 qavatli binoda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 29 kishi halok bo‘ldi, yana 7 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi.

Yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida G‘ayrattepa tumanidagi uyning yerto‘lasida joylashgan tungi klubda sodir bo‘lgan. Yong‘in ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda yuzaga kelgan. Hozirda uning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

Voqea joyiga ko‘p sonli o‘t o‘chirish, tibbiyot va politsiya guruhlari yuborildi. Yong‘inni o‘chirishda 31 ta o‘t o‘chirish mashinasi ishtirok etdi, deya aniqlik kiritmoqda agentlik.

Istanbul gubernatori Davut Gyulning aytishicha, halok bo‘lganlar ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanayotgan ishchilar bo‘lgan.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi voqea yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Besh kishini hibsga olish uchun order berilgan, ular orasida tungi klubni boshqargan uch kishi va ta’mirlash ishlariga mas’ul bo‘lgan bir kishi bor, deb yozdi CNN adliya vaziri Yilmaz Tunchga tayanib.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasining ma’lum qilishicha, jabrlangan va ushlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari aniqlanmagan.