Binoda ta’mirlash ishlari ketayotgani sababli 1-apreldan Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat drama teatrida bir muddat tomoshalar o‘tkazilmaydi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’mir ishlari qancha vaqt olishi haqida aniq sana keltirilmagan. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, muddat qurilish ishlarining borishi va moddiy ta’minotda uzilish bo‘lmasligiga bog‘liq.

O‘z navbatida, tomoshagohning ijodiy jamoasi joylarda ko‘chma spektakllar namoyishini va gastrol safarlarini davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ta’mirlash ishlari boshlanishidan bir muddat avval “Gazeta.uz” muxbirlari o‘tgan davrda sharoitidan ko‘ra nomi ko‘proq o‘zgargan drama teatri ahvoli bilan tanishgandi.

Unda teatrning onlayn maftunkorligi durust, ammo oflayn borasida bunday deb bo‘lmasligi, hududning ta’mirtalab holatda ekani haqida ham so‘z boradi.

Maqoladan parcha:

O‘zbekiston davlat drama teatrining XIX asrning oxirida hashar yo‘li bilan qurilgan binosi spektakllardan tashqari qurultoylar, mitinglar va hatto dafn marosimlariga ham guvoh bo‘lgan. So‘nggi bor 40 yil avval to‘liq ta’mirdan chiqqan tomoshagohda bugun 130 dan ortiq kishi ishlaydi. Ular orasida ishga kelgach hayotning butun tashvishlarini unutuvchi va sahnada “yashovchi”lar bor…