Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni Xitoy davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda xavfsizlikka nisbatan zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qilish sohasida samarali idoralararo hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlarni qayd etdi.

Ustuvor yo‘nalishlar sifatida jamoat xavfsizligining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion usullarni joriy qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va boshqalar ko‘rsatib o‘tildi.

Tomonlar mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.Foto: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Shu kuni Van Syaoxun va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Vazirlar terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish masalalarini gaplashdi.

Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yo‘nalishida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, IIV tarkibida yangi tashkil etilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligining 4 ta ilmiy tadqiqot markazlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

IIV matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, xalqaro terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan. “Bu jarayonda vazirliklar o‘rtasida axborot va o‘zaro tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish hamda ikki tomonlama tashriflar jadal amalga oshirilayotgani e’tirof etildi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida ikki vazirlik o‘rtasida 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi dastur imzolandi.