Isroil aviatsiyasi Eronning Damashq (Suriya)dagi konsulligiga zarba berdi, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ning yetti nafar a’zosi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN.

Halok bo‘lganlar orasida IIQKning yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy ham bo‘lgan, u Eron tashqarisida maxsus operatsiyalar o‘tkazish uchun mas’ul “Quds” kuchlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. CNN`ning ta’kidlashicha, Zohidiy AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2020-yil yanvar oyida Bag‘dodda IIQK generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishga ko‘rsatma berganidan beri “eng muhim nishon” bo‘lgan.

исроил, сuрия, эрон

Muhammad Rizo Zohidiy. Foto: Fars Media Corporation / Wikimedia CC BY 4.0.

Hujumda IIQKning yana bir yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Hodi Hoji Rahimiy ham halok bo‘lgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda konsulxona butunlay vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin. Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari tomonidan binoga oltita raketa uchirilgan.

Isroil rasmiylari voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi, biroq Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagari CNN`ga hujum qilingan bino konsullik emas, “„Quds“ kuchlari harbiy binosi” ekanini aytdi. Isroilning to‘rt nafar rasmiysi anonim tarzda Damashqdagi hujum ortida Isroil turganini tan oldi, deb yozmoqda New York Time.

Damashq konsulligiga qilingan hujum Isroilning Suriyadagi IIQK va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Livandagi “Hizbulloh” guruhiga qaratilgan zarbalarining so‘nggisi bo‘ldi, deya aniqlik kiritmoqda CNN. Telekanalning qayd etishicha, hodisa “so‘nggi tomchi” bo‘lishi va mintaqada keskinlikning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin.

Eron va Suriya Isroilni zarbani uyushtirganlikda aybladi va Tehron “keskin javob” bo‘lishidan ogohlantirdi. “Hizbulloh”, shuningdek, hujum ortidan “jazo va o‘lim” kelishini va’da qildi. Bundan tashqari, Eron rasmiylari AQShni Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun “javobgar” qilishlarini bildirdi.