27-mart kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida o‘zini 5-qavatdan tashlagan ayol vafot etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Qayd etilishicha, tumanning “Dalvarzin” mahallasidagi 1-uyda yashovchi 28 yoshli N.X. o‘zini 5-qavatdan tashlab, joniga qasd qilgan. Voqea joyiga tumani prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘i va boshqa tergov-tezkor guruhi a’zolari chiqishgan.

30-mart kuni marhuma yaqinlarining Kun.uz nashriga aytishicha, ayolning turmushi notinch bo‘lgan, u eri tomonidan muntazam ruhiy va jismoniy zo‘ravonlikka uchrab kelgan. Hodisa guvohi bo‘lgan qo‘shnilarga ko‘ra, ayol pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirgan.

Ayolga uch marta, so‘nggi bor 6-mart kuni himoya orderi berilgan. Unda keltirilishicha, tazyiq o‘tkazilgan yoki zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda er va ayolning bir xonadonda bo‘lishi taqiqlangan.

Zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasining 1-aprel kuni xabar berishicha, u eri bilan 9 yillik turmush davomida atigi 3 yil birga yashagan. Ayolning 2 nafar farzandi — 6 va 2 yoshli qizlari hodisa sodir bo‘lgan vaqtda bobosining uyida bo‘lishgan. Marhum ham o‘sha yerda yashagan, biroq o‘limidan bir necha kun oldin uni eri olib ketgan.

Nemolchi.uz huquq-tartibot organlariga murojaat qildi: “Ayolga uch marta himoya orderi berilgan, zo‘ravonlikning oldini olish uchun nima qildingiz? Suhbatlashish bilan kifoyalanib, yarashtiraverganmisiz? Nega zo‘ravon erkak jazolanmadi?!”

Hozirda holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan, Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.