Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida faxriy sambochi To‘ra Avloqulov otib ketildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Qayd etilishicha, 29-mart kuni shaharning “Qo‘shxona” mahallasida yashovchi U.Sh. Damas avtomobilida ketayotganda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan boshqa bir shaxsni ko‘rib qolib, birgalikda kafega borgan va spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Ular bir soatlardan so‘ng kafedan chiqib To‘ra Avloqulovni ko‘rib qolgan va uni ham avtomashinaga mindirib, boshqa kafega borgan.

Fuqarolar kafeda pulni to‘lash ustida tortishib qolgan. Shunda U.Sh. tanishi To‘ra Avloqulovga yo‘lda kelayotgan paytda 50 ming so‘m pul bergani, shu bois ovqatlanish xarajatini to‘liq to‘lashini aytgan. U hamma pulni to‘lamasligini bildirib, olgan 50 ming so‘m pulini qaytarib bergan. U.Sh. pulni olmasdan, unga jahl qilib, avtomobilidan qo‘lbola usulda yasalgan qurolni olib, sherigining boshiga bir marta o‘q uzgan.

Oqibatda To‘ra Avloqulov olgan tan jarohati oqibatida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Unga o‘q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo‘lib, avtomashinasi bilan ketayotganida hodisa joyidan taxminan 500 metr uzoqlikda tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi ma’lumotnomasida To‘ra Avloqulovning tanasida og‘ir ochiq teshib o‘tuvchi bosh miya jarohati, bosh miya ichidagi metall va suyak parchalari, chap peshona suyagining parchalanib singan jarohati, chap qosh ustida ezilib yirtilgan ko‘rinishida tan jarohatlari borligi, ahvoli o‘ta og‘ir darajada ekani qayd etilgan. U 31-mart kuni shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “d” va “l” bandlari (Boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda, bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olamsport.com ma’lumotiga ko‘ra, marhum To‘ra Avloqulov 2023-yili Ostona shahrida o‘tkazilgan faxriylar o‘rtasidagi Osiyo va Okeaniya chempionatining oltin medali sovrindori bo‘lgan.