Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi telefon qo‘ng‘irog‘i orqali asosan qariyalarga nisbatan qilinayotgan firibgarlikning yangi turi paydo bo‘lganidan ogohlantirmoqda. Boshqarma axborot xizmati boshlig‘i Nilufar Isaxonovaning ma’lum qilishicha, firibgarlikda gumonlangan jinoiy guruh a’zolarining bir nechtasi ushlangan.

Firibgarlar buni qanday amalga oshiradi?

IIBB bu turdagi jinoyatlar qay tarzda amalga oshirishi haqida quyidagicha ma’lumot berdi:

Jabrlanuvchilarning yashash manzilidagi uy telefoniga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, baqirib yig‘lagan ovozda “Ona, men YTHga uchradim, avariya mening aybim bilan sodir bo‘ldi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda, uni zudlik bilan operatsiya qilish kerak, meni qamab qo‘yishmoqchi”, degan mazmunda gapiradi. So‘ng go‘shakni boshqa shaxs olib, o‘zini tergovchi deb tanishtiradi va yaqin qarindoshi, ya’ni qizi yoki nevarasi avariya sababchisi bo‘lganini, hozirda jinoyat ishi qo‘g‘atish va qamoqqa olish choralari ko‘rilayotganini aytib qo‘rqitadi.

Buni eshitgan jabrlanuvchi sarosimaga tushganidan foydalanib, telefonda gaplashayotgan shaxs jinoyat ishini qo‘zg‘atmaslik maqsadida go‘yoki yo‘l transport hodisasi jabrlanuvchisi bilan kelishish uchun pul berish kerakligini aytadi. So‘ng jinoiy guruh a’zolaridan biri jabrlanuvchining uyiga yuboriladi.

Telefonda gaplashib turgan shaxs jabrlanuvchidan go‘shakni qo‘ymaslikni talab qiladi. O‘zini tergovchi deb tanishtirgan shaxs jabrlanuvchining uyali telefon raqamini o‘zidan so‘rab bilib oladi va bu raqamga noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qiladi. Go‘yoki tergovchi jabrlanuvchi bilan gaplashganda pulni olib ketish uchun bir odamni yuborishini aytadi va jabrlanuvchidan uy manzilini aniq so‘rab, bilib oladi. So‘ng kurer yetib kelgunicha vaqtni cho‘zadi. Jumladan, jabrlanuvchiga telefon orqali ariza yozdirishadi, ya’ni YTH oqibatida jabr ko‘rgan shaxsga yetkazilgan zararni undirish uchun shaxsan o‘zi mas’ul ekanini aytadi. Shuningdek, jabrlanuvchiga qizining kiyimi qon bo‘lib ketgani uchun uni almashtirishga birorta kiyim, sochiq va choyshabni tayyorlashi kerakligini, ularning barchasini sumkaga solib, pulni eng pastga o‘rab solib qo‘yishi kerakligini aytadi.

Shu o‘rinda, telefon orqali gaplashayotgan shaxs uyda yana boshqa telefon bor-yo‘qligini so‘raydi va yana telefon bor bo‘lsa, uning raqamini aniqlab, unga o‘zini tibbiyot xodimi deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qiladi. Bu telefonda gaplashayotgan shaxs YTH qurboni og‘ir ahvolda ekani, zudlik bilan operatsiya qilish kerakligi, buning uchun juda ko‘p miqdorda pul kerakligini aytadi. Jabrlanuvchining “soxta” qizi esa uy telefonida gaplashib turadi. Uning ovozi va gaplari tushunarsiz bo‘ladi, gaplashayotgan shaxs yo‘l transport hodisasi sababli labi yorilgani uchun shunday gapirayotganini ma’lum qiladi. Shuningdek, hozirda shifoxonada ekanini aytadi, jabrlanuvchi undan qaysi shifoxonada ekanini so‘rasa, viloyat shifoxonasida ekanini aytadi. Shu bilan jinoiy guruh a’zolari uydagi barcha telefonlarni band qilib qo‘yadi. Bu vaqtda kurer yetib kelib, pullarni olib ketadi. Kurer yuzini ko‘rsatmaslik uchun tibbiy niqob, ochki yoki parik taqqan bo‘ladi. Kurer pullarni olib ketganidan so‘ng ham telefonda gaplashayotgan jinoyatchilar vaqtni yana cho‘zadi. Bu vaqtda jinoyatchilar voqea joyidan qochib yashirinishga harakat qiladi.

Nilufar Isaxanovaning ma’lum qilishicha, o‘zini tergovchi deb tanishtirgan shaxs ruscha ism-sharif bilan o‘zini tanishtiradi va Tergov qo‘mitasi tergovchisi ekanini ma’lum qiladi, barcha ishtirokchilar rus tilida suhbatlashadi. Jabrlanuvchilardan olingan pullar turli to‘lov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqarib yuborilgan. Bu kabi holatlar Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda ham kuzatilgani aytib o‘tildi.

Foto: Toshkent shahri IIBBFoto: Toshkent shahri IIBB

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Toshkent shahri IIBB Jinoyat kodeksining 168-modasi (Firibgarlik) va 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov harakati davom etmoqda. Boshqarma jinoiy guruh a’zolarining bir nechtasini ushlagan. Ularning bir nafari Qozog‘iston, ikki nafari Qirg‘iziston fuqarosidir. Gumonlanuvchilar fuqarolarning telefon raqamini qayerdan olganiga aniqlik kiritilmagan. Ta’kidlanishicha, bunga tergov aniqlik kiritmoqda, tergov siri bo‘lgani uchun aniq ma’lumot berilmaydi.

Keltirilishicha, asosan qariyalar bu kabi jinoyatlar qurboniga aylanmoqda. Jinoiy guruh rahbarlari esa xorijdan turib, internet orqali qo‘shni davlatdagi fuqarolarni, shuningdek, yoshlarni ushbu jinoiy guruhga kurer sifatida yollab, ularni jinoiy guruh ishtirokchisiga aylantirmoqda.

Firibgarlik qurboniga aylanmaslik uchun IIBBdan tavsiyalar

  1. Shu kabi qo‘ng‘iroq bo‘lganda, darhol telefonni o‘chiring va farzandingizga shaxsan o‘zingiz qo‘ng‘iroq qilib, bu xabarni tekshiring.
  2. Agar farzandingiz telefonni ko‘tarmasa, boshqa yaqinlaringizga qo‘ng‘iroq qilib, xabarni ishonchli manba orqali tekshiring.
  3. Agar farzandingiz yoki boshqa yaqinlaringiz telefonni ko‘tarmasa, 102 raqamiga yoki xududiy profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aniqlashtiring.
  4. Tezkor tibbiy xizmat O‘zbekiston Respublikasida bepul ekanini unutmang.
  5. Tergovchi yoki boshqa organ xodimlari hech qachon sizga telefon qilib, pul talab qilmaydi va siz bilan bunday mazmunda gaplashmaydi.

Jinoyat qurboniga aylangan fuqarolardan 102 raqamiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar organiga murojaat qilishlari so‘raldi.