Toshkentda 29-mart kuni o‘tkazilgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida transport vaziri Ilhom Mahkamov jamoat transporti — avtobuslardan foydalandi. Unga hamrohlik qilgan “Gazeta.uz” muxbiri Shuhrat Latipov ayni shu tizimda vazir qanday muammolarni ko‘rishi haqida savol berdi.

Uning fikricha, haydovchilarni o‘qitish kerakligi eng katta tizimli muammolardan biri hisoblanadi.

“Ularni madaniyatga, yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilishga yetkazishimiz kerak. Biz bu ishni boshladik. Har bitta avtoparkda o‘zlarining xizmati bilan birga harakat xavfsizligi bo‘yicha lavozim bor. U yerga biz yo‘l harakati xavfsizligida oldin ishlagan odamlarni qabul qildik. Hozir o‘qitish jarayoni ketyapti. Har bir haydovchini o‘qityapmiz. Hozir Germaniyadan Deutsche Bahn kompaniyasining tajribali haydovchilari kelgan. Ular 50−52 yillik stajga ega. Lekin ular rusiyzabon. Bittasi Sirdaryodan ekan (kulib). Ukrainadan, boshqa mamlakatlardan ko‘chib borgan qachondir, rus tilini bilishadi, shular bilan birga o‘qitish jarayonini olib bormoqdamiz”, — dedi transport vaziri.

deutsche bahn, илҳом маҳкамов, haydovchilarni o‘qitish

Uning ta’kidlashicha, olib kelingan mutaxassislar bu masalaga juda ham mukammal yondashmoqda. Vazir, bundan tashqari, Moskvadan ham instruktorlar jalb qilingani, haydovchilar esa toifalarga bo‘linayotganini ta’kidladi.

“Ya’ni eng yuqori toifadagi haydovchi „haydovchi-instruktor“ bo‘ladi. Unga o‘qitish huquqi beriladi. O‘rta, keyin esa ustoz-shogird tizimlarini yaratamiz. Albatta, vaqt talab etiladi. Lekin jarayonlarni boshladik. Bu — eng asosiysi”, — dedi Transport vazirligi rahbari.

Mazkur intervyu davomida Ilhom Mahkamov, shuningdek, tramvay orqali birinchi navbatda “eski” Toshkent bilan Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, poytaxt ichida tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlanayotganini ma’lum qilgandi. U tramvayni “nihoyatda kerakli infrastruktura” deb atadi.