Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) YUNISEF bilan birgalikda O‘zbekistondagi bolalarning monetar kambag‘alligi darajasi, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga ta’sirini tahlil qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga markaz matbuot xizmati.

Mazkur tahlil ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash, uning afzalliklari va kamchiliklarini aniqlash, shuningdek, ijtimoiy imtiyozlardan teng foydalanishni ta’minlash va jamiyatdagi kambag‘allik darajasini pasaytirish uchun uni takomillashtirish choralarini taklif qilish imkonini beradi, deyiladi hisobotda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy nafaqalar bo‘lmasa, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 baravar oshadi. Bu Statistika agentligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari budjeti o‘rganish ma’lumotlari asosida hisoblab chiqilgan.

2021-yilda o‘tkazilgan so‘rovda 10 ming xonadon ishtirok etgan bo‘lsa, 2023-yilda mamlakat bo‘ylab 16 mingdan ortiq oila o‘rganilgan.

Uch yil ichida O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi 7,8 foizga — 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizga kamaygan. Kambag‘allikni kamaytirish tendensiyalari shahar va qishloq joylari o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, qishloq joylarda bolalarning kambag‘allik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizgacha, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizgacha kamaygan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalar kambag‘alligi darajasi eng past bo‘lgan hududlar Navoiy viloyati va Toshkent shahri bo‘lsa, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa bolalar kambag‘alligining nisbatan yuqori ekanligi qayd etilgan.

Ijtimoiy to‘lovlarni tahlil qilish

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqalarning umumiy qamrovi 10,8 mln kishini tashkil etgan.

Kam ta’minlangan oilalarni bolalar nafaqalari va moddiy yordam bilan qamrab olish — 2,1 millionta kam ta’minlangan oiladan 9 mln nafar kishini va 72,5 ming benefitsiar oilani tashkil etadi, umumiy to‘lovlar miqdori 12,3 trlnga teng.

bolalar kambag‘alligi, юнисеф

ITIM, shuningdek, uy xo‘jaliklari guruhlari o‘rtasida ijtimoiy to‘lovlarning taqsimlanishini tahlil qildi. Ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadliligi ijtimoiy nafaqalarning taqsimlanishi, qamrovi va yetarliligi hamda ularning kambag‘allik darajasiga ta’sirini tahlil qilish orqali baholandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mavjud ijtimoiy himoya tizimi resurslarning salmoqli qismini aholining eng kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltiradi.

Xususan, hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining 20 foizini tashkil etadigan eng badavlat oilalar guruhi umumiy ijtimoiy nafaqalarning deyarli 6 foizini, shu jumladan, bolalar nafaqasi oladigan uy-xo‘jaliklarining 4 foiziga to‘g‘ri keladi. Aksincha, keksa yoshdagi pensiyalar aholining barcha guruhlari o‘rtasida nisbatan teng taqsimlanadi, bu keksa aholini ta’minlashga universal yondashuvni aks ettiradi.

Ijtimoiy yordamning kambag‘allik darajasiga ta’siri

Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga ta’siri ham tahlil qilindi.

Daromad yetarli bo‘lmagan taqdirda, daromadlar kambag‘allik chegarasidan past bo‘lsa, ijtimoiy o‘tkazmalarning yetishmasligi kambag‘allik darajasini 11 foizdan 20,8 foizgacha, bolalar kambag‘alligini 13,7 foizdan 21,8 foizgacha va kambag‘al pensionerlar ulushini — 7,3 foizdan 31,4 foizgacha oshiradi, degan xulosaga keldi tadqiqotchilar.

Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi — 2030-yilgacha kambag‘allikni barcha shakllarda bartaraf etishga sodiqligini namoyish etmoqda.