29-mart kuni bosh vazir Abdulla Aripov “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat avtomobillarni almashtirish uchun subsidiyalar ajratishni ham nazarda tutadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagi avtomobillarga almashtirish uchun aholiga subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirildi.

Vazirlik, shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish va uning ifloslanishining oldini olishga qaratilgan “zamonaviy yondashuvga asoslangan” chora-tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak.

Xuddi shu qarorda avtomobillarni standartlarga muvofiq avtomatik baholash tizimini joriy etish, shuningdek, yashil, sariq va qizil ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifadagi yorliqlar (stikerlar)ni chiqarish nazarda tutilgan.

Yanvar oyida Ekologiya vazirligi elektr transport vositalariga o‘tgan avtomobil egalari uchun imtiyozlar, preferensiyalar va subsidiyalar belgilash mexanizmini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.

Ma’lumot uchun, Seul shahrida (Janubiy Koreya) 2009-yildan buyon ekologik toza transport xaridorlarini qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilmoqda. Mayda chang va issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish uchun subsidiyalar ajratiladi. Subsidiya miqdori 2,5 milliondan 4 million vongacha (1857 dollardan 2971 dollargacha) o‘zgarib turadi.