Senat 30-mart kuni o‘zining 51-yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni qabul qildi.

Qonun bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilishi reja qilingan.

Jumladan, hozirda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sababli qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida bundan keyin bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning arizasi bo‘lganda, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, qonun bilan endilikda bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun normalari Konstitutsiyaga moslashtirilib, telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.

Parlament yuqori palatasining qayd etishicha, amaldagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonun 1999-yilda qabul qilingan bo‘lib, unda nazarda tutilgan bir qator qoidalar eskirgan va bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Jumladan, mavjud tartibga solish mexanizmlari va atamalar o‘z ahamiyatini yo‘qotgani sababli amaliyotda noto‘g‘ri talqin qilish holatlari va sohaning rivojlanishiga to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.

Sohaga oid bir nechta qonun mavjud bo‘lib, ularning tegishli normalarini tizimlashtirish zarurati mavjud. Shu sababli qabul qilingan hujjat bilan “Aloqa to‘g‘risida"gi qonun va 1999-yil tahriridagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonun hamda boshqa 13 ta qonun yoki ulardagi normalar bekor qilinmoqda.