Farg‘ona shahrida tilankchilik qilgan ikki shaxs 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda SevimliTV telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, shaharning “Quva” ko‘chasida asli buxorolik bo‘lgan ikki yigit jamoat joylarida sog‘lom bo‘lsa-da, dorixonadan nogironlik aravachasi xarid qilib, biri aravachada, biri uni surib tilanchilik qilgan.

Shuningdek, ular aravachada navbatma-navbat o‘tirib, tilanchilikda davom etgan. Holat hududda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlarining e’tiborini tortgan va ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi yigitlarning har biriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188−3-moddasi (Tilanchilik qilish) 1-qismi bo‘yicha 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.