29-mart kuni O‘zbekiston regbi federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida Sodiq Salixovich Safoyev tashkilotga rais etib qayta saylandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ijroiya qo‘mita tashkilot rahbarligiga 2013-yildan beri federatsiyada rais sifatida faoliyat olib borayotgan va 2017-yil ushbu lavozimga qayta saylangan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev nomzodini ilgari surdi. Ishtirokchilar bir ovozdan uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

“Federatsiya raisi bildirilgan ishonchni oqlashga va’da berar ekan, terma jamoalarning moddiy texnik bazasini oshirish orqali xalqaro maydondagi natijalarni yanada yaxshilash, mamlakatimizda regbi ommaviyligini oshirish bo‘yicha ustuvor rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.

Delegatlar, shuningdek, shu paytgacha federatsiya bosh kotibi lavozimida ishlab kelgan Qahramon Jalilov nomzodini navbatdagi muddatga ma’qulladi. Shuningdek, mudofaa vaziri o‘rinbosari Alisher Narbayev federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Respublika tovar xomashyo birjasi boshqaruv raisi Ziyovuddin Badriddinov federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimlariga saylandi.

Tadbir davomida federatsiya ijroiya qo‘mitasi, taftish hay’ati va tartib-intizom qo‘mitasi tarkibi ham shakllantirib olindi.