Hijriy taqvimning butun dunyo musulmonlari eng orziqib kutadigan muqaddas oyi — Ramazon mo‘minlar qalbiga benihoya quvonch va halovat olib keladi. Islomning besh ustunidan biri hisoblangan amal aynan shu oyda ado etiladi. Ramazonda musulmonlar sahardan kun botgunicha yemoq-ichmoqni tark qilish bilan kifoyalanib qolmay, muqaddas oy hurmati uchun, ibodatga va e’tiqodga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday amallardan tiyilish, bir so‘z bilan aytganda, nafslarni qanoat, qalblarni iffat yo‘lida tarbiyalash payida bo‘ladi.

Muqaddas Ramazon oyi dunyoning turli burchagida istiqomat qiladigan musulmonlar tomonidan birdek intiqlik bilan kutiladi. Shunga qaramay, turli mamlakatlar va hamjamiyatlarda Ramazon oyini kutib olish va o‘tkazish bilan bog‘liq bir-biriga o‘xshash va farqli o‘ziga xos an’analar mavjud. “Gazeta.uz” fazilatli oy bilan bog‘liq va dunyo musulmonlari orasida keng tarqalgan o‘ziga xos an’analarni jamlab, Ramazon tuhfasi o‘laroq mushtariylar e’tiboriga havola etadi.

Ramazon fonuslari

Ramazon fonuslari bugun islom dunyosida muqaddas Ramazon oyining ramzlaridan biriga aylanib ulgurgan. Dunyoning turli burchagida istiqomat qiluvchi musulmonlar Ramazon sharafiga ko‘chalar, masjidlar va boshqa ijtimoiy obyektlar hamda uylarini bezatishda Ramazon fonuslaridan keng foydalanmoqda. Turli rang va shakldagi bejirim fonuslarni bugun Toshkent ko‘chalari va xonadonlarda ham uchratgan bo‘lsangiz ajab emas.

Foto: www.gulftoday.aeFoto: www.gulftoday.ae

Fanoos (yoki fanous) — Ramazon munosabati bilan rang-barang fonuslar yoqish an’anasi bo‘lib, uning kelib chiqishi Misrga borib taqaladi. Rivoyat qilishlaricha, X asrda Fotimiylar sulolasi vakili xalifa al-Muiz Qohiraga ilk bor Ramazon oyida kirib keladi. Tashrif oqshom paytiga to‘g‘ri kelgani uchun shahar ahli ommaviy ravishda sham yoqib, o‘chib qolmasligi uchun shamlarni ramkaga solib qo‘yishadi. Aynan shu yog‘och shakllar Ramazon fonuslarining paydo bo‘lishi va musulmon dunyosida go‘zal an’anaga aylanishiga zamin yaratgan, deb ishoniladi.

Ramazonda misrliklar va O‘rta Sharqning boshqa mamlakatlari musulmonlari ko‘chalarni xilma-xil yorqin fonuslar bilan bezatadi. Ular misrliklar nazdida birdamlik va Ramazon quvonchidan nishonadir. Darhaqiqat, Ramazon fonuslari kattalar va bolalarga birdek quvonch va Ramazon shukuhini ulashadi. Shuningdek, bu fonuslar, ehtimol, Ramazonning qalblarga yorug‘lik olib kelishiga bo‘lgan umid va taskin ramzi hamdir.

Foto: AFP / Getty ImagesFoto: AFP / Getty Images

“Saharlik jarchilari”

Ramazon vaqti tunda an’anaviy kiyimda, qo‘lida kichik nog‘ora yoki fleyta bilan odamlarni saharlikka uyg‘otuvchi “saharlik jarchilari”ni bugun musulmonlar istiqomat qiladigan deyarli barcha davlatlarda uchratish mumkin.

Saharlik jarchilarining paydo bo‘lishi payg‘ambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam davrlariga borib taqaladi. Hadisga ko‘ra, Muhammad sallallohu alayhi vasallam mo‘minlarni tunda Bilol ibn Raboh azonidan uyg‘onib, muazzin Ibn Umm Maktum tomonidan bomdod namoziga azon aytilguniga qadar saharlik qilib olishga chaqirganlar.

Bilol ibn Rabohdan keyin birinchi bo‘lib musulmonlarni Anabsa yoki Antoba ibn Is’hoq saharlikka uyg‘otgan. U yo‘l-yo‘lakay “Ey Allohning bandalari, saharlik qiling, chunki saharlikda xayr bor!” deya, ro‘zadorlarni saharlik qilishga undagan.

Foto: travel.earthFoto: travel.earth

Saharlikka uyg‘otish vaqtida nog‘oradan foydalanish ilk marta Misrda urfga kirganligi aytiladi. Qohira ko‘chalari bo‘ylab saharlik jarchilari odamlarni nog‘ora sadosi ostida, fonus tutgan bolakay hamrohligida saharlikka uyg‘otgan.

Saharlik jarchilari turli mamlakatlarda turlicha nomlanadi. Xususan, Misr va Iordaniyada — Mesaharaty, Turkiyada — Ramazan davulcusu, Marokashda — Nafar, ayrim arab davlatlarida — Mosaher, Hindistonda — Seheriwalas va hokazo. Ularning barchasining vazifasi bir xil bo‘lishiga qaramay, uni ado etish bilan bog‘liq o‘zaro yaqin va ayni paytda bir-biriga o‘xshamagan an’analar ham uchraydi.

Masalan, Mesaharaty odatda mahalliy aholi vakillari orasidan tayinlanadi. O‘z “hududi”da istiqomat qiluvchi aholi bilan tanish bo‘lgan Mesaharaty xonadonlar egalarini nomma-nom aytib saharlik qilishga chaqiradi. Xonadon egalari ko‘p hollarda jarchilarni saharlik dasturxoniga taklif etadi. Bu Ramazon oyida, ayniqsa, birdamlik va sahovatpeshalikni kasb qilishning o‘ziga xos ko‘rinishidir.

Foto: antalyaningundemi.comFoto: antalyaningundemi.com

Turkiyada odamlarni saharlikka uyg‘otish Usmonlilar davridan an’anaga aylangan. Ramazan davulcusu (Ramazon nog‘orachisi) Usmonlilar davriga oid an’anaviy kiyim — fes (turklarga xos soyabonsiz qalpoq — tahr.) va nimcha kiyib, nog‘ora chalib, mahallalarni aylanadi va bomdod namozidan oldin ro‘zadorlarni saharlikka uyg‘otadi.

Marokashda saharlik jarchisi — Nafar milliy an’anaviy kiyimda surnay chalib mahallalarni aylanadi. Nafar'ni tanlashda uning halolligi va kishilarga hamdardligiga e’tibor qaratiladi.

Hindistonda musulmonlarni saharlikka uyg‘otish boburiylar an’anasidan kelib chiqqani aytiladi. Seheriwalas Ramazonga xos go‘zal qo‘shiq kuylab, Alloh va payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning ismlarini aytib, bomdod namozi oldidan ro‘zadorlarni saharlikka uyg‘otadi.

Ramazon “to‘plari”

Iftorlik vaqtini to‘p otish orqali e’lon qilish an’anasi ko‘plab musulmon davlatlari, jumladan, BAA, Livan, Suriyada hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan.

Livanda ushbu an’ana Midfa Al Iftar deb nomlanib, ma’lumotlarga ko‘ra, uning kelib chiqishi Misrga borib taqaladi. Hikoya qilinishicha, Misr hukmdori Xushqadam Ramazon oyida kunbotar vaqti to‘plarni sinovdan o‘tkazayotgan payti bexosdan otilib ketadi. Otilgan to‘pning ovozi butun Qohirani larzaga soladi. Odamlar buni iftor vaqti bo‘lganiga ishora sifatida qabul qiladi va bora-bora bu an’anaga aylanadi. Livanda hozir faqat Midfa Al Iftar an’anasi uchun foydalaniladigan, XIX asrga oid Ramazon to‘plari hali ham saqlanib qolgani aytiladi.

Foto: BAA Mudofaa vazirligiFoto: BAA Mudofaa vazirligi

Ramazon qo‘shiqlari

O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida iftorlikdan keyin bolalar Ramazon qo‘shiqlarini kuylab, mahallalarni aylanadi. Xonadonlar egalari “ramazon aytib” kelgan bolalarni shirinlik, meva yoki boshqa topgan-tutganlari bilan mehmon qiladi. Ramazonning o‘ziga xos bu an’anasi bolalarga bir olam quvonch ulashadi. Shunga o‘xshash an’ana bir qator arab mamlakatlarida ham mavjud, farqi — bu davlatlarda bolalar Ramazon qo‘shiqlarini muayyan kunlardagina kuylaydi.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida bu an’ana Haq Al Laila deb nomlanadi. Unga ko‘ra, Ramazon oyining (ayrim manbalarda Sha’bon oyining) 13-, 14- va 15-kunlarida bolalar yorqin bayramona liboslarda mahallalarni aylanib, an’anaviy qo‘shiqlar (Aatona Allah Yutikom, Bayt Makkah Yudikum — “Bizga bersang, Alloh seni mukofotlaydi va Baytullohni ziyorat qilishingga yordam beradi”)ni kuylaydi va shirinliklar yig‘adi. Haq Al Laila'dan asosiy maqsad — bolalar va kattalar ongiga Ramazonning ahamiyatini singdirish.

Foto: www.khaleejtimes.comFoto: www.khaleejtimes.com

Xuddi shunday an’ana Saudiya Arabistonida Gargeeʼan nomi bilan ataladi. Bunda Ramazonning 13-, 14- yoki 15-kechalarida bolalar bayramona libosda qo‘shni xonadonlarga chiqib, maxsus qo‘shiqlar kuylaydi. Xonadon egalari qo‘shiq evaziga bolalarga sovg‘alar ulashadi.

Foto: www.arabnews.comFoto: www.arabnews.com

Haq Al Laila ga o‘xshash, Ramazonning ahamiyatini yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan go‘zal an’ana Quvaytda Qarqiaʼan deb nomalanadi. Qarqiaʼan ham Ramazon oyida, uch kun nishonlanadi. Bu kunlarda bolalar milliy liboslarda Ramazon qo‘shiqlarini aytadi; ko‘pincha improvizatsiya qilib, qo‘shiqni o‘zlari kuylab berayotgan kishiga moslashtirishadi.

Ramazon qo‘shiqlarini kuylash, qaysi davlatda bo‘lmasin, Ramazonning ahamiyatini bolalar ongiga singdirish, Ramazon quvonchini ulashish va jamoat rishtalarini mustahkamlashning ajoyib usulidir.

“Oy kuzatuvchilari”

Janubiy Afrikada Hayit bayramini nishonlash bilan bog‘liq noyob an’ana mavjud.

Janubiy afrikalik musulmonlar mamlakat Qozilar kengashi tomonidan maxsus tayinlangan “oy kuzatuvchilari” (afrikaliklar tilida maan kykers) Keyptaun osmonida yarim oyni ochiq ko‘z bilan ko‘rganlaridan keyingina Ramazonning tugaganligiga ishonch hosil qilib, Iyd al-Fitrni nishonlaydi. Janubiy Afrikada, boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, faqat rasman tayinlangan “oy kuzatuvchilari” Ramazon oyining yakunlanganini e’lon qilish vakolatiga ega.

Foto: www.groundup.org.zaFoto: www.groundup.org.za

Ramazon oldidan poklanish, ro‘zadorlarga “eshik ochish” va Ramazon dasturxoni

Indoneziyalik musulmonlar orasida Ramazon oyi kirib kelishi oldidan poklanish marosimini o‘tkazish odat tusiga kirgan. Ushbu marosim Padusan (yava lahjasida — “cho‘milish”) deb nomlanib, undan maqsad — Ramazon oldidan ma’nan va jismonan poklanish, muqaddas oyga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko‘rish hisoblanadi. Ushbu ramziy marosimni ko‘pchilik musulmonlar tabiiy buloqlar yoki ko‘llarda, bugungi kunga kelib o‘z uylarida ham amalga oshiradi.

Foto: ANTARA FOTO / FauzanFoto: ANTARA FOTO / Fauzan

Indoneziyaliklarning Ramazon oyi bilan bog‘liq o‘ziga xos an’analaridan yana biri — Nyekar. Unga muvofiq, indoneziyalik musulmonlar vafot etgan oila a’zolari xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Qadimgi Yava e’tiqodlari bilan qorishib ketgan qarashlarga ko‘ra, Ramazon bir hayot siklining tugab, yangisining boshlanishini anglatadi.

Kamerun musulmonlari orasida iftorlik oldidan xonadon eshiklarini ochib qo‘yish an’anasi keng tarqalgan. Bundan ko‘zlangan maqsad — ro‘zadorlarga “quchoq ochish”, ro‘zasini ochish uchun biror joy yoki boshpanaga ehtiyoj sezgan kishilarni o‘z iftorlik dasturxoniga taklif qilishdir.

Saudiya Arabistonida kun davomidagi ochlik va tashnalikdan keyin oshqozonni zo‘riqtirmaslik maqsadida xurmo va suv bilan iftorlik qilish odat tusiga kirgan.

Foto: www.theworldinapocket.comFoto: www.theworldinapocket.com

Shuningdek, turli davlatlarda Ramazon oyi bilan bog‘liq maxsus taom, shirinlik va ichimliklarni ham uchratish mumkin. Qatayef, Zalabiya, Konafa, shuningdek, quritilgan anjir, xurmo, mayiz va o‘rikning suvga bo‘ktirilgan aralashmasidan tayyorlangan mevali salat — Xoshaf, o‘rikdan tayyorlangan mashhur Ramazon ichimliklaridan biri — Amar El Din (Misr), Ramazan pidesi (Turkiya) shular jumlasidan.