Har bir inson jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishga haqli ekani, davlat o‘z fuqarolarini sifatli tibbiyot bilan ta’minlashga ma’sulligi xalqaro hujjatlarda ham belgilab qo‘yilgan. Zotan sog‘liqni saqlash tizimining risoladagidek faoliyat yuritishi nafaqat aholining umr davomiyligi va turmush darajasiga, balki umuman mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy barqarorligiga ham ta’sir qiladi.

Baxtga qarshi, tibbiyot — O‘zbekistondagi og‘riqli mavzulardan, birgina “Dok-1 Maks” ishi ham vaziyat yetarli darajada jiddiy ekanligiga yaqqol misol. Xorijda-chi, ahvol qanday? Tibbiyot qanday ishlaydi, davolashda asosan nimalarga e’tibor qaratiladi, dori-darmon bilan bog‘liq vaziyat qanaqa? “Gazeta.uz” shu kabi savollar bilan xorijdagi o‘zbekistonliklarga yuzlandi.

Kanada

Foto: Farhod Fayzullayevning shaxsiy arxividanFoto: Farhod Fayzullayevning shaxsiy arxividan

Farhod Fayzullayev 2016-yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qiladi, marketing operatsiyalari bo‘yicha mutaxassis.

Kanada konstitutsiyasida tibbiy xizmatlar provinsiya (viloyat) ma’muriyatlari tomonidan tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan. Masalan, Alberta provinsiyasida tibbiyot tizimi ikki pog‘onali bo‘lib, Farhod Fayzullayevning tushuntirishicha, bu ma’murlar va doktorlarni ajratib turish uchun qilingan.

“Alberta Sog‘liqni saqlash vazirligi qonun chiqaruvchi organ kabi ishlaydi. Ular tizimni boshqarish bo‘yicha ko‘rsatmalarni beradi va pul ajratadi. Tibbiy xizmatlarni esa ijro etuvchi organ — Alberta Sog‘liqni saqlash xizmati (Alberta Health Services) ko‘rsatadi. Bu tashkilotni shifokorlar boshqaradi va uning ishiga hukumat to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralasha olmaydi”, — deydi u.

Kanadada doimiy istiqomat yashash huquqiga ega bo‘lganlarga bepul tibbiy sug‘urta beriladi — aksar tibbiy muolajalardan bepul foydalanishi mumkin. Kanadaga qariyb 8 yil avval oilasi — rafiqasi va ikki nafar farzandi bilan ko‘chib borgan suhbatdoshimizning ushbu mamlakat tibbiyot tizimi bilan yaqindan tanishishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmagan.

“2016-yil 28-iyunda Kalgariga qo‘ngach, Airbnb’dan ijaraga olingan xonadonga joylashganmiz. Turmush o‘rtog‘im yetti oylik homilador edi. Yangi mamlakatdamiz, yurakda hadik. Ertasi kuniyoq hududiy xizmatlar markaziga borib, tibbiy sug‘urta kartalarimizni olmoqchi bo‘ldik. Markaz xodimasi ma’lumotlarimizni kompyuterga kiritib, sug‘urta raqamlarimizni qog‘ozga yozib berdi. Sug‘urta kartalarimiz uyimizga pochta orqali kelishi, doimiy yashash huquqiga ega bo‘lganimiz uchun, sug‘urta raqamisiz ham samolyotdan tushganimiz hamonoq tibbiy sug‘urta bilan qoplanganimizni tushuntirdi”, — deb eslaydi Farhod aka.

“Bir necha kundan keyin uyimiz oldidagi savdo-ko‘ngilochar majmuasi ichida joylashgan klinikaga kirdik. U yerdagi shifokor ayolimni ko‘rikdan o‘tkazib, bo‘lajak onalar va chaqaloqlarga ixtisoslashgan klinikaga yo‘llanma berdi. Yana bir necha kundan so‘ng o‘sha klinikadan qo‘ng‘iroq qilib, muayyan kun va vaqtda kelishimizni so‘rashdi. Rockyview Maternity & Family Practice’da rafiqamni ko‘rikdan o‘tkazib, unga akusher-ginekolog tayinlashdi. Shifokorga har ikki haftada bir qatnadik. Doktor tug‘uruq kuni qaysi kasalxonaga borish va nima qilishni tushuntirdi”, — deydi u.

Fayzullayevning aytishicha, Kanadada tibbiyot tizimidan foydalanganlik uchun pul to‘lanmaydi. Tizim soliqlar hisobiga moliyalashtiriladi. Kanada fuqarolariga ham, Kanadada doimiy doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmaganlarga ham bir xilda xizmat ko‘rsatiladi.

“1-sentabr kuni rafiqamni Rockyview General Hospital kasalxonasiga olib bordim va kechga yaqin kenja o‘g‘lim dunyoga keldi. Ertasi kuni ayolim va chaqaloqni olib, uyga qaytdik. Kanadaga ko‘chib kelgan kunimdan to Abdumalik tug‘ilguniga qadar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun 20 dollar sarfladim. U ham bo‘lsa kasalxona oldidagi avtoturargohga mashinamni qo‘yganim uchun”, — deya ta’kidladi suhbatdoshim.

O‘shanda rafiqasida kasalxonaning chiroyli yoki uskunalarning zo‘rligi emas, balki tibbiyot xodimlarining o‘ta xushmuomala ekani kuchli taassurot qoldirgan. Gap shundaki, og‘riqlar boshlanganida hamshiralar kelib, u bilan xuddi uzoq yillik dugonadek “uyoq-buyoq”dan suhbatlashib, ko‘nglini olgan, akusherlar esa juda yaxshi so‘zlar bilan uni yupatgan.

Kanadada birlamchi bo‘g‘indagi doktorlarning qariyb barchasi xususiy tadbirkor — oilaviy doktor ham, pediatr va akusherlar ham yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlaydi. Klinikalar bir necha xususiy doktorlarni birlashtirgan holda xizmat ko‘rsatadi. Doktorlar provinsiya ma’muriyatidan har bir bemor uchun alohida haq oladi. Xizmatlar davolash protokoliga asosan ko‘rsatiladi.

“Protokolda yo‘q muolajani qilsa yoki tahlil (analiz)ga yuborsa, ular davlat tomonidan qoplanmaydi. Shu bois doktorlar keraksiz analizlarga yuborishdan tiyiladi. Kasalxona va laboratoriyalar esa provinsiyaning Sog‘liqni saqlash xizmati tomonidan boshqariladi. Shifokorlar bir kun xususiy klinikada, boshqa kuni esa davlat kasalxonasida faoliyat yuritishi mumkin. Kasalxonada ularga standart oylik maosh belgilanadi”, — deydi u.

Kasallik jiddiy bo‘lmasa, shifokor-mutaxassisni oylab kutishiga to‘g‘ri kelishi ham mumkin. Masalan, burun bitishidan bezovtalangan Farhod Fayzullayev oilaviy doktorining ko‘rsatmasiga binoan LORga may oyida navbatga yozilgan bo‘lsa, uning navbati kelasi yilning fevralida kelgan. Ammo kasallik jiddiy bo‘lsa, xizmat o‘ta tez ko‘rsatiladi. Hech qachon Feysbukdagi ommabop guruhlarga kirib, “yaxshi shifokor” qidirilmaydi, xizmatlarga qo‘shimcha haq ham to‘lanmaydi.

“2018-yil o‘rtancha o‘g‘limning oyoqlari ko‘karib ketaverdi. Avvaliga buni uning sho‘xligi, bog‘chasidagi to‘polonlariga bog‘ladik. Ammo ko‘karishlar kamayish o‘rniga ko‘payaverdi. Oilaviy shifokorimiz — asli shotlandiyalik, biz kabi 2016-yilda Kanadaga ko‘chib kelgan doktor — bizni pediatrga yubordi. Bir necha haftadan so‘ng pediatr ko‘rigiga bordik va u yerda o‘g‘limdan qon tahlilini olishga yo‘llanma berishdi. Yana bir necha kundan keyin maxsus laboratoriyada analiz topshirdik. Xullas, o‘sha kuni soat 19:00 larda Alberta bolalar kasalxonasidan qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘limni darhol olib kelishni tayinlashdi. Kanadada odatda 17:00 dan keyin hech kim ishlamaydi, shuning uchun bunday paytda qo‘ng‘iroq qilishgani xavotirga solib qo‘ydi”, — deb eslaydi Farhod aka.

U o‘g‘lini darhol kasalxonaga olib borgan, ro‘yxatxonada ularni qon kasalliklari bo‘limiga yuborishgan. Doktorlar bolani ko‘rib, ahvoli yaxshi ekaniga ishonch hosil qilgach, uni ertasi kuni tong soat 10:00 da olib kelish kerakligini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning qonida trombotsitlar soni bir millimetr kub uchun 7000 tagacha kamayib ketgan, vaholanki, norma bo‘yicha 150 mingta bo‘lishi kerak. Qon quyulib ketayotgani uchun ham uning oyoqlari xuddi qattiq urib olgandek ko‘karib ketayotgan bo‘lgan.

Ertasi kuni bolani obdon ko‘zdan kechirgan shifokor yana tahlil olgan. Bolada trombotsitopeniya kuzatilayotgani, ammo sababi aniq emasligi, ba’zi bolalarda shunday bo‘lib turishi, odatda o‘zi o‘tib ketishini ta’kidlagan. O‘shanda ikkita — kuzatuv ostida bo‘lib, hech qanday muolaja olmaslik yoki belgilangan muolajalarni qilib, trombotsitlar sonini oshirish varianti bo‘lgan. Fayzullayevlar qo‘shimcha muolaja olmay, kuzatib turish variantini tanlagan.

“O‘g‘lim har hafta analiz topshirdi, natijasini doktor bilan muhokama qildik. Yil davomida trombotsitlari soni asta-sekin osha boshladi va analizlarni avval har ikki hafta, keyin har oy, oxirida esa har uch oyda bir topshiradigan bo‘ldik. Tashxis qo‘yilganidan 1,5 yil o‘tib, Otabek ro‘yxatdan olindi, ko‘karishlari ham yo‘q bo‘ldi”, — deydi u.

O‘rtancha o‘g‘il tajribasida Kanada tibbiyoti bilan tanishuv bilan shu bilan tugamagan.

“Bir kuni tomog‘i og‘rib, isitmasi ko‘tarildi. Biz ham vahima qilib to‘g‘ri bolalar kasalxonasiga olib boribmiz. Bir soatcha kutib, doktor qabuliga kirdik. Uyam ko‘rib, bu oddiy O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) ekanini aytdi. Ko‘p-ko‘p suv ichirishni tayinladi. Tomog‘idagi og‘riqni qoldirish uchun bolamga muzdek muzqaymoq ham berdi — shu payt ko‘zlarim qinidan chiqib ketayozdi, rafiqam o‘sha vaqtdagi ahvolimni hali ham kulib eslaydi”, — deydi u.

Farhod akaning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar umuman olganda “sal narsaga ham antibiotik yozib beravermaydi”. Antibiotiklarni retseptsiz olish, o‘zboshimchalik bilan davolanish haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas. Qanchalik g‘ayrioddiy tuyilmasin, shamollagan odamni issiq saqlash, unga issiq-issiq damlama ichirish kerakligi aytilmaydi. Sovuqda ko‘chaga issiq kiyinib chiqmasa, odam kasal bo‘lib qolishi haqidagi gaplar mif ekanini u va oilasi Kanadaga borib tushungan.

“Kanadada antibiotiklar faqat retsept bilan sotiladi, o‘z xohishingizga ko‘ra xarid qilolmaysiz. Mazangiz bo‘lmasa, LORga borib tomoq chaydirish, osma ukol olish, o‘z istagingizga ko‘ra rentgen yoki MRT qildirish degan, gaplar yo‘q. Bu muolajalarni pul to‘lab ham ololmaysiz. Faqat shifokor ko‘rsatmasi bilangina mumkin. Shunda ham davolanish protokolida ko‘rsatilgan bo‘lsa”, — deydi u.

Tibbiy xizmatlar uchun pul to‘lanmaydi, bari soliqlar hisobidan qoplanadi. Ammo stomatolog yoki okulist xizmatlari, tez yordam chaqirish pullik.

“Bitta tishni oldirish o‘rtacha 300−400 AQSh dollarga tushadi. Dori, tez yordam ham pullik, bitta chaqiruv 250 Kanada (185 AQSh) dollariga teng. 2024-yildan boshlab yillik daromadi 90 ming Kanada (67 ming AQSh) dollaridan kam bo‘lgan oilalarga stomatologiya xizmatlari ham bepul bo‘ladigan bo‘ldi. Mamlakatda o‘rtacha yillik maosh taxminan 50 ming Kanada (37 ming AQSh) dollariga teng”, — deydi u.

Farhod akaning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat kompaniyalar xodimlarini bepul (yoki arzon) qo‘shimcha tibbiy sug‘urta bilan ham ta’minlaydi.

“Masalan, mening ishxonam oilamning har bir a’zosini stomatologda sarflash uchun 1500 Kanada (1115 AQSh) dollari bilan ta’minlaydi. Bu summa har yili stomatolog ko‘rigidan o‘tish, tishni oqartirish, plombalash, olib tashlash uchun yetadi. Bundan tashqari, qo‘shimcha sug‘urta dori xarajatlarini ham to‘liq qoplaydi. Ya’ni, biz dorixonadan retseptli dori olsak, pul to‘lamaymiz”, — deydi u.

Ayni vaqtda, Kanada tibbiyot tizimi ham benuqson emas, so‘nggi yillarda, ayniqsa pandemiyadan so‘ng ahvol og‘irlashgan. Pandemiya payti va undan so‘ng ko‘plab shifokor va hamshiralar bo‘shab ketgan, ular o‘rnini bosuvchi kadrlar esa topilmayapti. Oqibatda doktorlarga navbatlar yanada kattalashgan. Ba’zi holatlarda saratonga gumon qilinganlar MRTga tushish uchun oylab navbat kutib qolmoqda.

“Doktorlar yetishmovchiligi, ko‘rik uchun uzundan-uzun navbatlar borligini yuqorida aytib ketdim. Lekin doktorlar odatda malakali va ular pul uchun kerak-nokerak dori va tahlilllarni yozib tashlayvermaydi. Shu kungacha nechta doktorga uchragan bo‘lsak, aksariyatidan ko‘nglimiz to‘ldi”, — deydi u.

So‘nggi bor 2022-yil oxiri — 2023-yil boshida O‘zbekistonda bo‘lgan suhbatdoshimizni xususiy klinika va dorixonalarning ko‘payib ketgani hayratga solgan. Tanishlari bilan suhbatda esa odamlar orasida o‘zini-o‘zi davolash juda avj olganini tushunib yetgan.

“Odamlar farmatsevt 15 soniyada qo‘ygan tashxisi asosida dori sotib olmoqda. Kanadaga ko‘chib ketishimdan avval ham shunday edi, ammo bu endi yanada kuchayibdi. Yaqinda bir yaqin qarindoshim uchta xususiy klinika shifokorlariga uchragan, ular analizlar yozib beravergan. Analizlarni uchta xususiy laboratoriyada topshirgan va javoblari uch xil chiqqan. Ular asosida doktorlar jiddiy kasal tashxisini qo‘yib, darhol dorilar yozib bergan. Bundan qoniqmagan bemor Turkiyaga borib, o‘sha yerdagi klinikada qayta analiz topshirgan va tashxis tasdiqlanmagan”, — deydi u.

Bu kabi holat va voqealar Farhod Fayzullayevni befarq qoldirmaydi. U sifatli tibbiyotdan foydalanish har bir fuqaroning qonuniy haqi deb hisoblaydi.

“Davlat tibbiyot tizimi parokanda bo‘la boshlagan vaqtda umid xususiy klinikalardan edi. Lekin, tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, ularga ham ishonaverish kerak emas, afsuski. Unda O‘zbekiston xalqi kimga ishonishi kerak? Chet elda davolanishga hammaning ham qurbi yetmaydi-ku?”, — deb qayg‘uradi u.

AQSh

Foto: Mavluda Kambarovaning shaxsiy arxividanFoto: Mavluda Kambarovaning shaxsiy arxividan

Mavluda Kambarova 2021-yildan beri AQShda yashaydi, hozirda Amazon Web Services Academy’da bulutli texnologiyalar muhandisi (cloud engineer) mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqda.

AQShda aksariyat tibbiy xizmatlar xususiy tarmoq tomonidan ko‘rsatiladi va davlat dasturlari, tibbiy sug‘urta tizimi va bemorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlari hisobidan moliyalashtiriladi. Tibbiyotga xarajatlar hajmi bo‘yicha AQSh dunyoda birinchi o‘rinda turadi, ammo bu “tibbiyot bepul” deganini anglatmaydi. U rivojlangan mamlakatlar orasida o‘z fuqarolariga barcha tibbiy xizmatlarni qamrab oluvchi universal sug‘urta tizimini kafolatlamaydigan yagona mamlakat hisoblanadi.

Tibbiy sug‘urta qamrovi ham aholi daromadi, yashash joyi kabi omillarga bog‘liq. Masalan, kam daromadli shaxslarning tibbiy xarajatlari Medicaid davlat sug‘urta dasturi orqali qoplanadi, Medicare davlat sug‘urta dasturi esa 65 yoshdan katta aholi uchun mo‘ljallangan.

Mavluda Kambarovaning ta’kidlashicha, amerikalik shifokorlar oddiy shamollash kabi holatlarda kasallikni imkon qadar dori-darmonsiz, tabiiy yo‘l bilan yengishni tavsiya qiladi. Umuman, yengil xastaliklar sog‘liqqa zararli dorilarsiz davolanadi. Masalan, bolalarning tana harorati me’yordan ko‘tarilsa ham isitma tushiruvchi dorilar berilmaydi — harorat tabiiy pasayishini kutish tayinlanadi.

“Yengil shamollashlarda dori ichmaslik tavsiya etilsa-da, O‘zbekistondan bo‘lganim uchunmikin, dorisiz sog‘ayishga qiynalaman. Bolalarning tomog‘i og‘riganida muzqaymoq yeb davolanish ham tavsiya qilinishi mumkin hatto. Kichkintoylarga antibiotik berish umuman mumkin emas. Ahvoli juda og‘ir bo‘lsa, shifokorning maxsus retsepti asosida dorixonadan olish mumkin. Dorixonaga shunday borib, kuchli ta’sir qiluvchi dori va antibiotiklarni sotib olish imkonsiz”, — deydi u.

Kambarovaning AQSh tibbiyot tizimi ishi ilk bor 2021-yilda tushgan. Tahlillar topshirish uchun maxsus shifokor qabuliga yozilgan. Qabul kuni borib, dardini aytgan. Shifokor tahlil laboratoriyasiga yo‘llanma yozib bergan.

“Yo‘llanma bo‘yicha laboratoriyaga telefon qildim. Jadvaldagi bo‘sh vaqtga qarab, tahlilga borish uchun vaqt belgilandi. Laboratoriyaga to‘q qoringa bordim — bu yerda och kelish shart emas ekan. Qon topshirdim, tahlil turiga qarab, kerakli miqdorda qon olindi. Javobi bir haftada chiqishi aytildi. Buning uchun qaytib borishimga hojat bo‘lmadi, javoblar besh kun o‘tgach, pochtamga keldi”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, Amerikada tibbiyotning obro‘si ham, bu sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarning daromadi ham yuqori. Shuning uchun ham shifokorlar doimiy ravishda o‘z ustida ishlaydi, davolashda so‘nggi texnologiya va innovatsiyalardan foydalanadi. Kardiologiya, kardiojarrohlik va onkologiya yo‘nalishlari bo‘yicha AQSh yetakchi, amerikalik neyroxirurglar esa dunyodagi eng kuchli mutaxassislardan sanaladi.

“AQShda tibbiy xizmatlar qimmat. Sifatli va operativ ishlaydigan tez yordam xizmati ham qimmat. Salomatlik sug‘urtasi barcha mutaxassislarning xizmatlarini qamrab olmagan, ayrim tor mutaxassislarning ko‘rigi uchun alohida xarajat qilishga mjabur bo‘lasiz. Bundan tashqari, bunday mutaxassilarga navbat kelishini ham oylab kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuning uchun ba’zilar pul tejash maqsadida sug‘urta olmaydi, shifokorga borishdan ham qochadi”, — deydi Mavluda.

Uning fikricha, tibbiy xizmatlar yuqori sifatda ko‘rsatilishi va umuman sog‘liqni saqlash tizimining o‘zi yaxshi bo‘lishi uchun tibbiyot xodimlarining daromadi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

“Amerikada kasal bo‘lish qimmatga tushadi, ammo professional shifokorlar nazorati ostida sifatli va samarali davolanish mumkin. O‘zbekistonda ham malakali mutaxassislar yo‘q emas, faqat bolalarni kuchli dorilarsiz, antibiotiklarsiz davolash yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lardi”, — deya qo‘shimcha qildi suhbatdoshimiz.

Turkiya

Foto: Fazliddin Hamdamovning shaxsiy arxividanFoto: Fazliddin Hamdamovning shaxsiy arxividan

Fazliddin Hamdamov 2019-yildan beri Turkiyada yashaydi, Bursa Texnika universitetining kompyuter muhandisligi talabasi

Fazliddin Hamdamov Turkiya sog‘liqni saqlash tizimining rivoji haqida xulosa qilish uchun mamlakatdagi tibbiy ta’lim sifati va salomatlik turizmi bo‘yicha qancha odam mamlakatga kelayotganiga e’tibor qaratish yetarli, deb hisoblaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi 128 ta tibbiyot fakultetida yiliga salkam 22 ming talaba o‘qitiladi — bu borada mamlakat jahonda yetakchilardan biri sifatida e’tirof etiladi. Shuningdek, 2023-yilda 1,4 mln chet ellik tibbiyot turizmi uchun Turkiyaga kelib-ketgan. Mamlakat onkologiya, ortopediya, neyroxirurgiya va boshqa bir qator murakkab tibbiy yo‘nalishlarda sifatli ham arzon xizmatlarni taklif qiladi.

“Tibbiyot xodimlarining daromadiga kelsak, mamlakatda eng kam ish haqi miqdori 17 ming lira (taxminan 526 dollar), endi ishga kirgan hamshiraning maoshi esa esa 22 ming lira (taxminan 680 dollar) atrofida”, — deydi u. Uning o‘zi turk tibbiyotiga ilk bor 2020-yili, koronavirus pandemiyasi vaqtida murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

“Holsizlik, ko‘ngil aynishi, isitma shikoyati bilan kasalxonaga borganimda, bemorlarni qabul qilish bo‘limida ro‘yxatga olishgach, kovidga test topshirganman. Chiqishda bir ukol qilib (shundan so‘ng holsizlik va ko‘ngil aynishi tezda yo‘qolgan), uyga javob berishgan. Bir necha soat o‘tib, telefonimga menda koronavirus aniqlangani haqida xabar kelgan. Unda uydan chiqmaslik tayinlanib, qisqa fursatda mendan xabar olishlari ta’kidlangandi. Ko‘p o‘tmay bepul dorilarni tashlab ketishgan, shuningdek, bir hafta ko‘chaga chiqmaslik buyurilgan. Har ikki kunda telefon qilib, holimdan xabar olib turishgan”, — deb eslaydi Fazliddin.

Turkiyada davolanmoqchi bo‘lgan ko‘plab o‘zbek vatandoshlarga tarjimonlik qilgan Fazliddin malakali shifokorlarning to‘g‘ri muolajasi bilan bemorlar dardiga davo topganiga, oyoqqa turganiga guvohi bo‘lgan. “Masalan, O‘zbekiston va Rossiyada saraton tashxisi qo‘yilgan, necha yillardan beri tushkunlikda yurgan bir bemorda hech qanday saraton yo‘qligi aniqlangani, yana birgina dori bilan tuzalib ketish kabi holatlarga shohid bo‘lganman”, — deydi u.

Turkiyada aholining 90 foizida Genel sağlık sigortası — umumiy sog‘liq sug‘urtasi bor. Bunday sug‘urta davlat kasalxonalaridagi tibbiy xizmatlardan foydalanishni bepul qiladi, xususiy kasalxonalarda davolanishga esa 80 foizgacha chegirma beradi. Davlat tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanish bepul, xususiy kasalxonalarniki esa — pullik. Umuman, o‘rta statistik turkiyalik tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun yiliga o‘rtacha 7 ming lira (taxminan 216 dollar) pul sarflaydi.

Kasalxonalar katta, har birida nafaqat pediatr, balki bolalar psixologi, bolalar stomatologi, bolalar fizioterapisti kabi mutaxassislarni ham o‘z ichiga olgan bolalar poliklinikalari ham bor.

“Bola salomatligida biror muammo bo‘lsa, shifokor avvalo psixolog sifatida munosabatda bo‘lishga harakat qiladi. Davlat kasalxonalarida yosh bolalar uchun kichik o‘yin hududlari, chaqaloqlar uchun esa alohida qarov xonalari mavjud”, — deydi Fazliddin.

Bundan tashqari, har bir mahallada oila shifokori (aile hekimi) markazi bor, ular bepul xizmat ko‘rsatadi. Oddiy shamollash yoki shunga o‘xshash holatlarda avval aynan mahalla shifokorlariga murojaat qilinadi — ular kerakli muolajani qilib, dori ham yozib berishi mumkin.

“Dorilar juda zarurat holatlardagina yoziladi. Retseptsiz ham dori sotib olish mumkin, faqat antibiotiklar esa bundan mustasno. Sug‘urtasi borlar dorini retsept asosida bepul yoki katta chegirma bilan sotib olishi mumkin”, — deydi u.

Stomatologiya — eng og‘riqli mavzulardan, xizmatlar qimmat. “Masalan, plomba qildirish o‘rtacha 100 dollarga tushishi mumkin. Bepul stomatologiya xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lgan, salomatlik sug‘urtasi bor turklar ham bir kelganida faqat bitta xizmatdan foydalana oladi. Masalan, ikkita tishingizda muammo bo‘lsa, ikkinchisi uchun alohida navbatga turishingiz kerak”, — deydi u.

“Umuman, aksariyat tibbiy muolajalar bepul bo‘lgani uchun ko‘pchilik davlat kasalxonalarini tanlaydi. Aholi ko‘p, tabiiyki, kasalxonalarda navbatlar paydo bo‘ladi. Buning oldini olish uchun bemorlar yagona tizim orqali navbatga qo‘yiladi, ularga shifokorga qachon kelishi mumkinligi kuni va soatigacha bildiriladi. Bunday tizim, masalan, „shundoq bir narsani so‘rab chiqaman“, deya navbatsiz kirishga urinishlarning oldini oladi”, — deya qo‘shimcha qildi Fazliddin Hamdamov.