Manxetten federal sudi FTX kriptobirjasi asoschisi Sem Benkman-Fridni mijozlardan milliardlab dollar o‘g‘irlaganlikda ayblab, 25 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deya yozmoqda Reuters nashri.

Hakamlar hay’ati 32 yoshli Benkman-Fridni yettita band bilan, jumladan firibgarlik, til biriktirish va pul yuvishda aybdor deb topdi. Prokuratura unga 40 yildan 50 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan.

Sudya Lyuis Kaplan hukm chiqarishdan oldin uning jinoyat sodir etganini bilishi haqida ta’kidladi. “U jinoyatchi ekanligini bilardi. U suvdan quruq chiqishiga umid qilib, adashganidan afsusda. Ammo u hech narsani tan olmaydi va bu uning huquqi”, — dedi huquq himoyachisi.

Sudga ko‘ra, FTX mijozlari 8 mlrd dollar, investorlar yana 1,7 mlrd dollar, birja kreditorlari esa 1,3 mlrd dollar yo‘qotgan. AQSh prokuraturasi buni AQSh tarixidagi eng yirik moliyaviy firibgarliklardan biri deb atadi.

Sud, shuningdek, Benkman-Fridning 11 mlrd dollar miqdoridagi mol-mulkini musodara qilish va jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lash haqida qaror chiqardi.

Kriptovalyutalarning eng yirik savdo platformalaridan biri bo‘lgan FTX kriptovalyuta almashinuvi 2022-yil boshida 30 mlrd dollardan ortiqqa baholangandi, biroq o‘sha yilning noyabr oyida unda tushish kuzatildi va kripto bozorining qulashiga sabab bo‘ldi.