Bahor Ukrainaga biroz yengillik olib keldi — endi energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar “chidab bo‘lmas” darajada bo‘lmaydi va bahorgi loyqalik rus qo‘shinlarini front chizig‘ida ushlab turadi, ammo bu uzoq davom etmaydi, deb yozmoqda The Economist.

Rossiya kelayotgan yozda yangi yirik hujumni boshlashi mumkin. “Ukrainaning ushbu hujumni ushlab turish qobiliyati bir yil oldingiga qaraganda ancha ishonchsiz ko‘rinmoqda. Shuning uchun mamlakat zudlik bilan ko‘proq qo‘shinlarni safarbar qilishi va ishonchli mudofaa chizig‘ini qurishi kerak”, — deb hisoblaydi nashr.

Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari chalg‘igan — ular Yaqin Sharq, bo‘lajak saylovlar va o‘zlarining iqtisodiy muammolari bilan band, deya qayd etdi Economist. Donald Trampni qo‘llab-quvvatlayotgan respublikachilarning Ukrainaga 61 milliard dollarlik harbiy yordam paketini bloklash haqidagi qarori “front chiziqlari va Ukraina shaharlarida (artilleriya snaryadlari va havo hujumidan mudofaa tizimlarining yo‘qligi nazarda tutilmoqda — tahr.) o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda”.

Amerika yordamni taqsimlash bo‘yicha boshi berk ko‘chaga kirib qolgani Rossiyaga Ukrainaning yetarlicha mustahkamlanmagan mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish imkonini beradi. “Ammo, Rossiyani mag‘lub etish kerakligini ta’kidlayotgan, lekin bunga yordam berish uchun deyarli hech qanday texnika yubormayotgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yoki Ukrainani uzoq radius uchun kuchli Taurus raketalari bilan ta’minlashdan bosh tortayotgan ishonchsiz Germaniya kansleri Olaf Sholsning jangovar bayonotlariga qaramay, Yevropa ham Kiyevga ko‘mak berish borasida bundan yaxshiroq harakat qilmayapti”. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Kiyevga rejalashtirilganidek 1 million artilleriya o‘qini ham yetkazib bera olmagan.

“Biroq Ukraina shunchaki o‘z ittifoqchilarini ayblay olmaydi. U ham xatolarga yo‘l qo‘ygan”, — deb yozdi Economist. Ulardan biri, gazetaning yozishicha, — harbiy kuch yetishmasligi. Rossiya navbatdagi safarbarlik to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Ukrainada yangilarni yollashga urinishlar hamon “demokratik jarayon g‘altaklariga yopishib qolgan”.

Ukraina, shuningdek, mudofaa pozitsiyalarini “juda kechikib” mustahkamlamoqda, deya qayd etadi gazeta. “Bu qaysidir darajada tushunarli. Hukumat hali ham yangi qarshi hujumni orzu qiladi va hozirgi front chizig‘i chegaraga o‘xshash narsaga aylanib, mamlakatning beshdan bir qismini ajratib tashlashi va dengizga chiqishning katta qismidan mahrum qilishidan qo‘rqadi. Bu chiziq bo‘lajak tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oya — aynan Zelenskiy qochishni xohlayotgan narsa”, — ta’kidlaydi nashr.

“Ammo hozir xavf shunchalik kattaki, bu (hozirgi front chizig‘ini tuzatish — tahr.) eng yomon variant. So‘nggi haftalarda ekskavatorlar harakatlana boshladi va „ajdaho tishlari“ allaqachon paydo bo‘lmoqda. Buni ancha oldinroq boshlash kerak edi. Hali kech emasligini so‘rab duo qiling”, — deya ogohlantirdi Economist.