Toshkent viloyati Angren shahrida ikki o‘quvchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal oqibatida ulardan biri vafot etdi, deya xabar qildi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 20-mart kuni soat tungi 23:30 lar atrofida Angren shahrida yashovchi, umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi (2008-yilda tug‘ilgan) M.D. 2006-yilda tug‘ilgan O.A. bilan o‘zaro janjallashgan.

O.A. ushbu janjal sabab olgan tan jarohatlari oqibatida sog‘lig‘i yomonlashib vafot etgan. Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda mazkur holat darsdan tashqari, tungi vaqtda sodir bo‘lganligini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.