Andijon shahridagi Bobur shohko‘chasida joylashgan “Mumtoz” savdo majmuasi oldida yerosti o‘tish yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashkil etgan press-turda ma’lumot berildi, deya xabar bermoqda Jurnalistlar uyushmasi.

Qayd etilishicha, inshoot qurilishi kutilayotgan hududdan bir sutkada 35 mingdan ziyod transport vositasi, 82 ming nafarga yaqin piyoda o‘tadi, kunning asosiy qismida (ertalab 7:00 dan kechki payt 19:00 gacha) esa tirbandlik juda yuqori bo‘ladi. 2023-yil davomida mazkur chorrahada piyodalar ishtirokida 23 ta yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelgan. Buning oqibatida 5 nafar fuqaro vafot etgan, 27 kishi turli darajada jarohat olgan.

Viloyat YHXB mazkur chorrahada yerosti o‘tish yo‘lini qurish bo‘yicha taklif va loyiha ishlab chiqib, hokimlik hamda tegishli tashkilotlarga taqdim etgan.

Umumiy qiymati 8 mlrd 215 mln so‘mga teng mazkur loyiha doirasida uzunligi 60 metr, eni 4 metrli yerosti o‘tish yo‘li qurilishi ko‘zda tutilgan.

Press-tur ishtirokchilari Xo‘jaobod tumani “Dehqon bozori” atrofida yuzaga kelayotgan tirbandliklar, mazkur hududda barpo etilayotgan yerosti o‘tish yo‘li qurilishi bilan ham tanishtirilgan.

Xo‘jaobod “Dehqon bozori” yonidan o‘tuvchi Andijon — O‘sh magistral avtomobil yo‘lidan bir sutkada 80 mingdan ortiq piyoda hamda 35 mingdan ortiq transport vositasi o‘tadi. Mazkur yo‘l atrofi va yaqinida 100 ga yaqin savdo, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy soha obyekti faoliyat olib boradi. Yo‘lning bozor hududidagi qismida o‘tgan yili yuz bergan yo‘l-transport hodisalari sababli 3 nafar fuqaro vafot etgan, 12 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.

Hozirda mazkur hududda umumiy qiymati 4 mlrd 950 mln so‘mga teng loyiha doirasida uzunligi 30 metr, eni 4 metr bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘li qurilishi davom etmoqda.