Toshkent shahrida Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolar xavfsizligi, ularning masjidlarda ibodatlarni to‘liq ado etishlarini ta’minlash uchun jamoat tartibini saqlash nazorat ishlarini o‘tkazmoqda. Bu vaqtda tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olganlar ham uchramoqda, deya xabar berdi Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Ochilov.

“Uchtepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 26 nafar tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan ayol aniqlandi. Ularning 13 nafar voyaga yetmagan farzandi ta’lim doirasidan chiqib ketib tilanchilik qilib yurgani sabab IIBB qoshidagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Undan tashqari, 3 nafar 1,5 yoshli go‘daklarni esa ota-onasi boshqa bo‘lgan shaxslar o‘zlariga qurol sifatida olib, tilanchilik qilayotgani aniqlandi va ular go‘daklar uyiga joylashtirildi”, deya ta’kidladi u.

Boshqarma xabarida tadbirlar davomida aniqlangan fuqarolarga profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgani aytiladi.

Organ xodimi jamoat joyida tilanchilik qilish javobgarlikka tortilishini eslatdi. Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188−3-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish BHMning 1−3 baravar miqdorigacha jarima (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

Agar ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs takroran shu ishni qilsa, Jinoyat kodeksiga asosan 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.