Respublika tovar-xom ashyo birjasida mobil telefon raqamini sotish bo‘yicha rekord bitim qayd etildi, deb xabar qildi birja matbuot xizmati.

20-mart kuni jismoniy shaxslar uchun boshlang‘ich bahosi 200 million so‘m bo‘lgan “20 000 00 00” raqami auksionga qo‘yildi. Auksionda 10 nafar ishtirokchi qatnashib, uch soatdan ortiq vaqt mobaynida 87 ta narx taklifini taqdim etdi. Natijada raqamning narxi 5 barobarga — 1,07 milliard so‘mgacha (Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 85 ming AQSh dollari) oshdi.

auksion, birja, mobil raqam

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, bu savdo platformasi ishga tushirilgandan beri mobil raqam uchun to‘langan rekord summa hisoblanadi. Xaridor 5 kun ichida to‘lovni amalga oshirishi kerak, shundan so‘ng u 10 ish kuni ichida uyali aloqa operatorida raqamni ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Mobil telefon raqamlarining onlayn auksioni (mobilraqam.uzex.uz) mobil operatorlarning mashhur raqamlaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida 2019-yilda ishga tushirilgan.

2023-yil oktabr oyida 01 777 RRR avtomobil raqami auksionda 894 mln so‘mga sotilib, O‘zbekistondagi yuridik shaxslar uchun eng qimmat “chiroyli” raqamga aylangandi.