Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki mamlakatdan chiqib ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Moskva viloyatida yuz bergan terakt sababli butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Shu munosabat bilan o‘zbekistonliklardan ushbu xavfsizlik choralari talablarini inobatga olgan holda harakatlanish zarurligi bildirildi.

Xususan, shaxsni taqdiqlovchi va mamlakatda bo‘lish yoki ishlash huquqini beruvchi hujjatlarni o‘zlari bilan birga olib yurish, odam gavjum joylarga sababsiz bormaslik, notanish yoki shubhali insonlar bilan muloqotga kirishmaslik so‘raldi.

Shuningdek, telefon va boshqa qurilmalarda taqiqlangan foto-, audio- va videomateriallarni saqlamaslik, safar rejalashtirilgan bo‘lsa, vokzal yoki aeroportga belgilangan vaqtdan oldinroq borish kabilar tavsiya qilindi.

Fuqarolar biror muammoga duch kelganda yoki o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan konsullik idoralari yoki agentlik vakolatxonasiga murojaat qilishlari mumkin, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 22-mart kuni kechqurun Moskvadagi “Krokus siti holl” binosiga konsert boshlanishidan oldin qurollangan odamlar bostirib kirib, o‘t ochgan. Binoda bir nechta portlashlar va yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatda 139 kishi halok bo‘lgani, 182 kishi jarohatlangani ta’kidlanmoqda.

Ish bo‘yicha dastlabki to‘rt nafar ayblanuvchi — Tojikiston fuqarolari 25-martga o‘tar kechasi sud qarori bilan hibsga olingan, ularga terrorchilik moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ular ikki oy muddatga hibsda saqlanadi.

“Jiddiy va xavotirli narsani sezganimiz yo‘q”

“Gazeta.uz” ushbu voqealar yuzasidan Migratsiya agentligi bilan bog‘landi. Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning aniqlik kiritishicha, Rossiyada hozirgi kunda 1 milliondan ortiqroq o‘zbekistonlik migrant bor (dunyo bo‘ylab 2 mln dan ortiq).

“Patent bermayapti, chiqarib yuboryapti, degan gaplarning ko‘pi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, ayniqsa, O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan. Patent bermayapti, deb aytilgan videolar chiqdi, Rossiyadagi Migratsiya markazi xodimlari bilan gaplashdik, bunday mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirishdi”, — deydi agentlik vakili.

Ta’kidlanishicha, xavfsizlik choralari, tekshiruvlar kuchaygan bo‘lishi, ish yoki yotoq joylarda reydlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin bunday tekshirishlar oldin ham bo‘lgan.

“Terakt Rossiya uchun katta miqyosdagi holat bo‘ldi. Endilikda migratsiya sohasida qanday o‘zgarish bo‘ladi, qachon bo‘ladi, qaysi davlat fuqarolariga nisbatan bo‘ladi — bularni prognoz qilish qiyin. Qandaydir ta’siri bo‘lishi mumkin bizga ham, lekin jiddiy va xavotirli narsani sezganimiz yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi u.